Vengriyada Viktor Orban tanqidchisi prezident bo‘ldi

Vengriyada Viktor Orbanning tanqidchisi prezidentlik lavozimiga tayinlandi.
11-avgust kuni Vengriya qonun chiqaruvchilari Oliy sudning sobiq rahbari Andras Bakani mamlakatning yangi davlat rahbari etib tasdiqladi. U sobiq bosh vazir Viktor Orban davrida lavozimidan chetlatilgan va Orbanning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Bu haqda Le Monde xabar berdi.
Prezidentlik lavozimi iyul oyida bo‘shab qolgan edi. O‘shanda Yevroittifoq tarafdori bo‘lgan konservativ bosh vazir Peter Madyar sobiq hukumat rahbari Orbanning davlat institutlariga ta’sirini kamaytirish maqsadida oldingi prezidentni lavozimidan chetlatgan edi. Oldingi prezident Orbanning ittifoqchisi bo‘lgan.
Hukmron “Tisa” partiyasi parlamentda uchdan ikki qism ko‘pchilik ovozga ega. Parlament Bakani 140 ta rozi va 6 ta qarshi ovoz bilan prezident etib sayladi. Bakaning o‘zi Yevropa inson huquqlari sudida 17 yil sudyalik qilgan. “Tisa” partiyasi 8-avgust kuni 73 yoshli Bakani ushbu ko‘proq ramziy ma’noga ega lavozimga nomzod qilib ko‘rsatgan edi.
Madyarning ta’kidlashicha, Bakaning hayoti “demokratik huquqiy davlat va konstitutsiyaviy tamoyillarga sodiqlik namunasidir”. Shuningdek, u Markaziy Yevropa mamlakatini “yana huquqiy davlat va konstitutsiyaviy boshqaruv yo‘liga qaytarish lozimligini” aytdi.
Oldingi prezident Tamas Sulyokning vakolat muddati Madyar islohotlari doirasida qabul qilingan konstitutsiyaviy tuzatish sababli qisqartirildi. Madyar partiyasi aprel oyidagi saylovlarda g‘alaba qozondi. Bu Orbanning 16 yillik boshqaruviga chek qo‘ydi. Madyar “tizimni o‘zgartirish”ga va’da berdi.
Biroq inson huquqlari bo‘yicha kuzatuvchilar Sulyokning chetlatilishini tanqid qildi. Ular bu o‘zgartirishlarni Orbanning “noliberal” tizim qurishda qo‘llagan usullariga qiyosladi. Orbanning “Fides” partiyasi hamda uning ittifoqchisi KDNP Sulyokning chetlatilishini “zolimona” va “noqonuniy” deb atab, parlamentdagi ovoz berish jarayonini boykot qildi.
Baka o‘zi ham shunga o‘xshash qonuniy hujjat bilan lavozimidan bo‘shatilgan bo‘lsa-da, Sulyokning chetlatilishini tanqid qilmadi.
“Huquqiy davlatda bunday favqulodda choralardan foydalanib bo‘lmaydi. Lekin Vengriya Orban davrida qaram davlatga aylanib qolgan edi”, dedi u iyul oyida OAVga.
1990-yilda, demokratik o‘tish davridan so‘ng, Baka “Konservativ Vengriya demokratik forumi” (MDF) partiyasi ro‘yxatidan deputat etib saylangan edi. U 1991-yildan 2008-yilgacha Strasburgdagi Yevropa inson huquqlari sudida sudyalik qilgan.
2009-yilda u Oliy sud rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan. Lekin 2012-yilda u lavozimidan olib tashlangan. Chunki u Orban davrida sudyalarning majburiy pensiya yoshini 70 yoshdan 62 yoshga tushirish harakatini qoralab, buni sudyalar tozalash jarayoni deb atagan edi.
Iyul oyida Madyar prezidentlik lavozimini shaxmat afsonasi Yudit Polgarga taklif qilgan edi. Lekin bosh vazir jamoatchilik bilan maslahatlashish va’dasiga vafo qilmagani uchun e’tirozlarga uchradi. Shundan so‘ng Polgar bu taklifni rad etdi.

