“Vazirlik va idoralar hisoboti bilan joylardagi real holat o‘rtasida farq bor” — Bobur Bekmurodov

“Vazirlik va idoralar hisobotlari bilan joylardagi haqiqiy vaziyat o‘rtasida tafovut mavjud” — Bobur Bekmurodov
Deputat, “Yuksalish” harakati rahbari Bobur Bekmurodovning 21-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, davlat tashkilotlarining “O‘zbekiston 2030” strategiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha ba’zi hisobotlari hududlardagi real holatdan farq qilmoqda.
“Daryo” muxbirining xabar berishicha, muloqotda strategiyaning 2026-yilning birinchi yarmida erishilgan natijalari muhokama qilingan. Bobur Bekmurodov o‘z nutqida hujjat ijrosi doimiy ravishda kuzatib borilayotganini ta’kidlagan.
“Yuksalish” harakati jamoatchilik so‘rovlarini o‘tkazib bormoqda. Chunki vazifalar juda yaxshi bajarildi, deb hisobot berilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu odamlarga qanday ta’sir qildi? Haqiqatdan ham bu o‘zgarish yoki erishilgan natija odamlarning fikrini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldimi, yo‘qmi? Buni o‘rganib boramiz. Albatta, strategiyaning bajarilishida ko‘p ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib turibmiz. Biroq jamoatchilik nuqtayi nazaridan ayrim kamchiliklar haqida ham gapirib o‘tmoqchiman”, dedi deputat.
Bobur Bekmurodovning fikricha, asosiy muammo real holat bilan hisobot o‘rtasidagi tafovutlar bilan bog‘liq.
“Vazirlik va idoralarning rasmiy hisoboti bilan joylardagi real o‘zgarish o‘rtasida farq bor. Biz buni parlament va hukumatga doimiy ravishda taqdim etib boramiz. Yana bir muammo — vazirlik va idoralar tomonidan jamoatchilikka yetarli darajada axborot, hisobot berilmayotganligida. Obyektiv sabablarga ko‘ra qaysidir vazifaning ijro muddatlari o‘zgarishi mumkin. Shunday paytda vazirlik va idoralar, hokimliklar o‘z vaqtida jamoatchilikka xabar bermaydi. Natijada biz vazifa o‘tgan yilning falon oyida bajarilishi kerak edi, haligacha bajarilmadi degan mazmundagi xabarlarni o‘qiymiz. Ya’ni jamoatchilikka hisobdorlik va axborot berish masalasida hukumat, vazirlik va idoralar izchilroq ishlashi kerak”, dedi “Yuksalish” harakati raisi.
Bobur Bekmurodov hududlardagi maktab kutubxonalaridagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ayrim shunday hududlardagi maktablarda bir nafar o‘quvchiga bittadan ham kitob to‘g‘ri kelmayapti. Vaholanki, dunyo standartlarida bir o‘quvchiga kamida to‘rttadan sakkiztagacha to‘g‘ri kelishi kerak. Lekin bizda mana shunday og‘ir holatdagi tumanlar, hududlar bor. Masalan, Vobkent tumanida maktab kutubxonasida hatto chiroq yo‘q. Mavjud kompyuterlar boshqa maqsadlarga berib yuborilgan. Misol uchun, kutubxonaga emas, maktab rahbariyati uchun berib yuborilgan. Bunga o‘xshagan misollar juda ham ko‘p”, dedi deputat.
Bundan oldingi matbuot anjumanida adliya vaziri “O‘zbekiston 2030” strategiyasining ijrosi qattiq nazorat qilinishini aytgandi.

