«Vazirlik nima uchun litsenziya beradi?». Turdimov xususiy maktablar va bogʻchalarni idora tomonidan litsenziyalashni bekor qilishni taklif etdi

«Vazirlik litsenziyani nima uchun beradi?». Turdimov xususiy maktablar va bogʻchalarni vazirlik tomonidan litsenziyalashni bekor qilishni taklif etdi
Oʻzbekistondagi xususiy maktablar va bogʻchalar uchun ishga ruxsatnoma olish soddalashtirilishi mumkin. Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va fan vaziri Erkinjon Turdimovning hisoblashicha, agar muassasa sanitariya, qurilish va yongʻin xavfsizligi xizmatlaridan ruxsatnoma olgan boʻlsa, vazirlikning alohida litsenziyasiga boʻlgan ehtiyoj qayta koʻrib chiqilishi kerak.
U bu haqda Samarqanddagi yigʻilishda aytib oʻtdi.
Turdimovning soʻzlariga koʻra, taʼlim muassasasi ochilishidan oldin bino va xonalar sohaviy xizmatlar tomonidan tekshiriladi. Agar ular obʼyekt xavfsizlik talablariga javob berishini tasdiqlasa, vazirlikning qoʻshimcha litsenziyasi savollar tugʻdiradi.
«Agar SEOJSh, qurilish, yongʻin xavfsizligi va boshqa tegishli xizmatlar obʼyektni tekshirib, ruxsatnoma bergan boʻlsa, vazirlik litsenziyani nima uchun beradi? U aynan nimani tekshiradi? Umuman olganda, xususiy bogʻcha va maktablar ochilish jarayonida vazirlik tomonidan litsenziyalashni bekor qilish kerak», — dedi vazir.
Shu bilan birga, sohaviy xizmatlar taʼlim muassasasini ochish uchun zarur boʻlgan talablarning faqat bir qismini tekshiradi. Yongʻin nazorati yongʻin xavfsizligini, sanitariya-epidemiologiya xizmati sanitariya normalariga rioya qilinishini, qurilish inspektsiyasi esa binoning nogironligi boʻlgan shaxslar uchun foydalanishga qulayligini baholaydi.
Ushbu xulosalar litsenziyalash tartibiga kiradi va uning oʻrnini bosmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 iyundagi 403-son qarori bilan tasdiqlangan litsenziya pasportiga koʻra, zarur xulosalarni vazirlikning oʻzi soʻrab oladi.
Binoning holatidan tashqari, litsenziya talablari taʼlim jarayonini tashkil etishga ham daxldordir. Xususan, ular bogʻchalardagi guruhlar va maktablardagi sinflarning toʻliqligini, pedagoglar va tarbiyalanuvchilar nisbatini, oʻqituvchilarning malakasini, oʻqituvchilarning chet tillarini bilish darajasini, shuningdek, oʻquv rejalari va dasturlarini tartibga soladi.
Agar alohida litsenziyalash bekor qilinsa, ushbu talablarga rioya etilishini kim va qaysi bosqichda tekshirishini aniqlab olishga toʻgʻri keladi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun litsenziya olish majburiyati «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonunda, xususan, 9 va 57-moddalarda belgilab qoʻyilgan. Shu sababli, ushbu talabni bekor qilish uchun faqat litsenziya berish tartibini oʻzgartirishning oʻzi yetarli emas — qonunchilik normalarini ham qayta koʻrib chiqish talab etiladi. Shu bilan birga, hozircha gap faqat litsenziyalash tartibini qayta koʻrib chiqish taklifi haqida bormoqda. Litsenziya olish talablari rasman bekor qilingani haqida xabar berilmagan.
Yigʻilishda, shuningdek, xususiy taʼlim sohasidagi tadbirkorlar duch kelayotgan qiyinchiliklar ham muhokama qilindi. Turdimov ushbu muammolarni hal qilishga yordam bermayotgan mansabdor shaxslarni tanqid qildi va oʻz vazifalarini bajarmayotgan vazirlik xodimlari lavozimidan ayrilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Samarqand viloyatidagi qurilish hujjatlari bilan bogʻliq masalalar alohida koʻrib chiqildi. Viloyat qurilish boshqarmasi boshligʻining maʼlumotlariga koʻra, hududda ushbu sohada 522 ta muammoli masala mavjud. Ulardan beshtasi xususiy taʼlim muassasalariga tegishli.
Bundan tashqari, uchrashuvda taʼlim muassasalari oʻz murojaatlarini yuborishlari mumkin boʻlgan alohida elektron platformani ishga tushirish rejalari haqida maʼlum qilindi.

