Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi oʻzgardi: yangi lavozim va kotibiyat tashkil etildi
Oʻzbekistonda bosh vazirning birinchi oʻrinbosari - taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. U taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalarida vazirliklar, idoralar hamda hududlar rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi yangilandi: yangi lavozim va kotibiyat yoʻlga qoʻyildi
Bu prezidentning 2026-yil 9-oktabrdagi PF–217-son «Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida belgilangan
Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasida 12 ta shtat birligidan iborat Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati ham tashkil etiladi.
Kotibiyatning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimi hisobidan shakllantiriladi. Qolgan yettita shtat esa qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi shtatlarini maqbullashtirish orqali ajratiladi.
Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari - taʼlim va ilm-fan vaziriga Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda ular tizimidagi tegishli agentlik, qoʻmita va inspeksiyalar biriktirildi.
Roʻyxatda Fanlar akademiyasi, shuningdek, muayyan vazifalar doirasida Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi ham mavjud.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalarida, oʻquvchi va talabalar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishi, tazyiq va zoʻravonlik jinoyatlarining oldini olish masalalari boʻyicha biriktirilgan.
Yoshlar ishlari agentligi esa oʻquvchi va talabalarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻnalishida ishtirok etadi.
Birinchi oʻrinbosar oʻz vakolati doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlashga oid vazifalari bajarilishiga umumiy rahbarlik qiladi.
Farmonda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya bilan oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari ham belgilangan. Ular oʻquvchi va talabalarni zararli oqimlar taʼsiridan himoya qilish, vatanparvarlik va sogʻlom turmush tarzini targʻib etish kabi masalalarni qamrab oladi.
Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta ichida yangi lavozimning funksional vazifalari va kotibiyat toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlovchi qaror qabul qilish topshirildi.
Shuningdek, hukumat tuzilmasidagi Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimi Madaniyat va sport masalalari boʻlimi deb qayta nomlanadi. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida boshqaruv xodimlari soni 243 nafar etib belgilandi.

