Mahalliy

Vaqtincha saqlash hibsxonalariga kimlar toʻsiqsiz kira oladi? Qoidalarni oʻzgartirish taklif etilmoqda

Oʻzbekistonda vaqtincha saqlash hibsxonalariga moneliksiz kirish huquqiga ega shaxslar roʻyxatini kengaytirish taklif etilmoqda. Ichki tartib qoidalarida Ombudsman oʻrinbosari, mintaqaviy vakillari va Bolalar ombudsmanining ushbu huquqini alohida belgilash nazarda tutilgan.

**Vaqtincha saqlash hibsxonalariga kimlar toʻsiqsiz kira oladi? Qoidalarni oʻzgartirish taklif qilinmoqda**

Ichki ishlar vazirining buyrugʻi loyihasi orqali 2017-yilda tasdiqlangan vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, hibsxonalarga moneliksiz kirish huquqiga ega shaxslar roʻyxatiga Ombudsmanning oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari, shuningdek, Bolalar ombudsmani ham qoʻshiladi.

Amaldagi qoidalarga koʻra, bunday huquq Ombudsman, Biznes-ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlariga berilgan.

Taklif etilayotgan tahrirda ushbu shaxslarning xavfsizligini taʼminlash hibsxona maʼmuriyati zimmasiga yuklanmoqda.

Loyihada qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonalaridan vaqtincha saqlash hibsxonalariga oʻtkazish tartibi ham aniqlashtirilmoqda.

Bunday oʻtkazish tergov harakatlari yoki sud majlislarini tergov hibsxonasi joylashgan aholi punktidan tashqarida oʻtkazish zarur boʻlganda, shaxsni u yerga har kuni olib borish imkoni boʻlmagan hollarda qoʻllanadi. Vaqtincha oʻtkazish muddati bir oy ichida koʻpi bilan oʻn sutkani tashkil etishi nazarda tutilgan.

Oʻtkazish uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning shaxsni boshqa joyga koʻchirish haqidagi qarori yoxud sud ajrimi asos boʻladi. Bunda amaldagi qoidalardagi asoslar qatoriga surishtiruvchining qarori ham qoʻshilmoqda.

Shuningdek, qamoqqa olingan shaxsni tergov hibsxonasiga masofa uzoqligi yoki tegishli qatnov yoʻllari yoʻqligi sababli olib borish imkoni boʻlmagan holatlarga oid qoidaga ham surishtiruvchi kiritilmoqda. Bu holatlarda uning prokuror bilan kelishilgan qarori asosida shaxsni vaqtincha saqlash hibsxonasida oʻttiz sutkagacha saqlash nazarda tutilgan.

Ushlab turish bayonnomasini rasmiylashtirishga oid bandlarda esa Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasiga havolalarni 225-moddasiga almashtirish taklif qilinmoqda.

Hujjat hozircha loyiha boʻlib qolmoqda, unda buyruqning sanasi va raqami koʻrsatilmagan. Qabul qilinsa, u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.