Mahalliy

“Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti” — Surxondaryo viloyati hokimi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda investitsiya loyihalari va qurilish ishlarini ko‘zdan kechirish chog‘ida transport tizimidagi jiddiy muammolar, xususan, poyezd va vagonlardagi yomon sharoitlar hamda aviachiptalar narxining asossiz oshirilganini keskin tanqid qildi.

Hokim Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘lovchi asosiy magistral yo‘lning holatiga to‘xtalib, haydovchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni ta’kidladi. “Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi M39 yo‘lini hamma yaxshi biladi. Boysundan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksilarimiz dodlab yuboryapti. Avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi”, — dedi Ulug‘bek Qosimov.

Temir yo‘l transportida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar tanqid ostiga olinib, vagonlardagi holat va Sariosiyo yo‘nalishidagi poyezdlarning ahvoli qattiq qoralandi. “Temir yo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor. Sariosiyoga qatnaydigan Termizdan shahar atrofi poyezdlariga odam tashib bo‘lmaydi uning ichida”, — dedi viloyat rahbari.

Hokim bu jarayonda transport prokuraturasi va mas’ul idoralarning e’tiborsizligini keskin tanqid qilib, transport prokurorini holatga tomoshabin bo‘lib turmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, aviatsiya sohasida monopoliyaga yo‘l qo‘yilayotgani va chipta topishdagi sun’iy to‘siqlar ham tanqidlar markazida bo‘ldi. “Aviachiptalar savdosi umuman sharmanda ahvolda. Narxi ikki baravar bo‘lib ketgan. Monopoliya (Antimonopoliya idorasi nazarda tutilmoqda — tahr.) degan tashkilot tomoshabin. Qanday borsin kambag‘al odam? Bu bilet narxiga qarab bo‘lmaydi. Umuman tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Ulug‘bek Qosimov.

Shuningdek, chipta sotish jarayonlarini raqamlashtirish va shaffof qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Viloyat rahbari mas’ullarga sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy muddat belgilab berdi va kelgusi hafta boshida shaxsan o‘zi vokzallarni birma-bir ko‘zdan kechirishini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, monopoliya va mas’ul tashkilotlar chipta savdosini to‘liq o‘rganib chiqib, uni adolatli va shaffof tizimga o‘tkazishi, shuningdek, sun’iy to‘siqlar hamda oshirib yuborilgan narxlarga chek qo‘yishi shart. Kassirlarning o‘zboshimchaligiga va tanish-bilishchilik orqali chipta sotilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Hokim kelasi hafta dushanba kuni tongda vokzalga borib, Toshkent yo‘nalishidagi poyezd sostavlarini, Sariosiyoga qatnaydigan shahar atrofi poyezdlari hamda aeroportlarning ahvolini, jumladan, ularning hojatxonalarigacha bo‘lgan barcha sharoitlarini shaxsan tekshirishini bildirdi. Viloyat rahbari bir hafta ichida barcha vagonlar zarur jihozlar bilan ta’minlanib, xalq uchun munosib sharoit yaratilishi lozimligini qat’iy talab qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.