Vadeful G20 sammitiga taklifni Putin uchun sinov deb atadi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful Rossiya prezidenti Vladimir Putinning G20 sammitidagi ehtimoliy ishtiroki Kremlning Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha jiddiy muzokaralarga qanchalik tayyorligini koʻrsatishini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bunday tayyorlikning amaliy belgisi Ukrainada oʻt ochishning toʻxtatilishi boʻladi.

Vadeful Putin uchun G20 sammitiga taklifni sinov deb atadi
DW xabariga ko‘ra, Vadeful bu haqda 25-sentabr, juma kuni Ottavada Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand bilan uchrashuvda aytgan. U AQShning Putinni dekabrda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilishini Rossiya rahbari uchun alohida sinov deb baholadi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Berlin va Ukrainaning G‘arbdagi boshqa ittifoqchilari Rossiya hukumatini, jumladan, shaxsan Putinni bir necha bor muzokaralar stoliga chorlaganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning aniq natijaga yo‘naltirilgan muzokaralarga tayyorligini Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish orqali baholash mumkin.
Putin harbiy harakatlarni davom ettirsa, G20 sammitini boykot qilish kerakmi, degan savolga javoban Vadeful Rossiyaning tadbirdagi ishtiroki hozircha faqat ehtimol ekanini ta’kidladi. U yaqin haftalarda vaziyat qanday rivojlanishini kutishga chaqirdi.
«Rossiya muzokara olib borishi kerak - qancha erta bo‘lsa, shuncha yaxshi», - dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.
Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand ham Putinning sammitdagi ehtimoliy ishtiroki boykot uchun asos bo‘lmasligini bildirdi. Uning aytishicha, diplomatiya muzokaralar stolida qolishni va murakkab masalalar yuzasidan muloqotni davom ettirishni talab qiladi.
Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio Putin dekabrda Mayamida o‘tkaziladigan G20 sammitiga taklif qilinganini ma’lum qilgan edi. Rubioning ta’kidlashicha, bu tashrif Rossiya prezidentiga AQSH prezidenti Donald Tramp, shuningdek, boshqa davlat va hukumat rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish imkonini berishi mumkin. Kreml hozircha taklifga qanday javob berishini belgilamagan.
Ayni paytda, The Washington Post gazetasiga ko‘ra, AQSH Kongressi Senatining har ikki partiyaga mansub 14 a’zosi Trampni Putinga yuborilgan taklifni qaytarib olishga chaqirgan.
Respublikachilar va demokratlar Oq uy rahbariga yo‘llagan murojaatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlashi uchun Putin shaxsan javobgar ekanini ta’kidlagan. Ular Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga zarbalar davom etayotgan bir paytda Rossiya rahbarining AQSHdagi sammitda ishtirok etishi Rossiya hokimiyatiga xalqaro maqbullik berish va u bilan munosabatlarni odatiy holga qaytarish xavfini tug‘dirishini bildirgan.
Senatorlar Putin va Rossiya delegatsiyasining boshqa vakillari Vashington AQSH milliy xavfsizligiga tahdid deb baholaydigan harakatlari uchun Amerika sanksiyalari ostida ekanini ham eslatgan.

