Vaʼda berish — toʻlashni anglatmaydi
Oʻzbekiston RF va Qozogʻiston bilan migrantlarning ish stajini hisobga olish va ularga pensiya tayinlash boʻyicha muzokaralarni boshladi

**Vaʼda berish — toʻlashni anglatmaydi**
Oʻzbekiston rasmiylari Rossiya, Qozogʻiston va qator boshqa davlatlar bilan migrantlarning mehnat stajini qanday hisobga olish va ularga xorijiy davlat tomonidan pensiya tayinlash masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda jurnalistlarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori oʻrinbosari Nuriddin Shadixodjayev maʼlum qildi.
Mulozimning soʻzlariga koʻra, xuddi shunday kelishuvlar Qirgʻiziston va Ozarbayjon bilan imzolab boʻlingan. Ushbu hujjatlar boshqa mamlakatlarda rasmiy ravishda mehnat qilgan fuqaro ularning har birida pensiya olish huquqiga ega boʻlishini nazarda tutadi. Masalan, agar oʻzbekistonlik oʻn yil Ozarbayjonda va besh yil vatanida ishlagan boʻlsa, unda ikkala davlat ham unga tegishli davr uchun pensiya toʻlaydi.
N. Shadixodjayev pensiya shakllanishining asosiy sharti — migrantning rasmiy bandligi ekanini taʼkidladi. Faqat shu holatdagina staj hisobga olinadi va boʻlajak toʻlovlar miqdoriga taʼsir qiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarolari xorijda boʻlgan taqdirda ham respublika Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda badal oʻtkazishlari mumkin. Ular uyga qaytganlaridan soʻng, agar uch yil davomida chet elda boʻlgan vaqtlari uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari — 440 ming soʻm ($37) miqdorida ijtimoiy soliq toʻlasalar, oʻtgan davrlarni stajga qoʻshib olishlari mumkin boʻladi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumatlari davlat ijtimoiy sugʻurtasi va pensiya taʼminoti toʻgʻrisida bitim imzolagani haqida joriy yilning iyul oyida xabar berilgan edi. Ushbu shartnoma ikkala mamlakat fuqarolarining pensiya huquqlarini, ular aynan qaysi davlatda rasmiy ishlaganidan qatʼi nazar, himoya qiladi. Bunda pensiya miqdori muayyan mamlakat qonunchiligi bilan belgilanadi. Staj, ish haqi va sugʻurta badallari kabi koʻrsatkichlar hisobga olinadi.
Toshkent uchun Rossiya va Qozogʻiston bilan bu kabi hujjatlarni imzolash ushbu mamlakatlarda ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni koʻpligi sababli juda dolzarbdir. Xususan, 2026 yil sentyabr oyida eʼlon qilingan statistikaga koʻra, xorijda 1,4 millionga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Ularning yarmidan koʻpi — 834 mingdan ortigʻi — Rossiyada, yana qariyb 84,5 ming nafari esa Qozogʻistonda boʻlib turibdi.
Markaziy Osiyodan kelgan koʻplab migrantlar Rossiyani ish joyi sifatida tanlashadi. Shu bois mintaqa davlatlari uchun Moskva bilan pensiya kelishuvlari katta ahamiyatga ega. SSSR parchalanib ketganidan keyin Rossiya rasmiylari RF pasportini olgan emigrant sugʻurta va boshqa badallarni qayerda toʻlaganidan qatʼi nazar, MDH davlatlaridan kelganlarga pensiya rasmiylashtirgan va toʻlagan. Biroq 2023 yilda ushbu holatni tartibga soluvchi hujjat oʻz yuridik kuchini yoʻqotdi.
Shundan soʻng RF alohida bitimlar tuzishni boshladi. Xususan, Qirgʻiziston va Qozogʻiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ishtirokchilari bilan tegishli shartnoma doirasida yana «pensiya dasturi» boʻyicha sheriklarga aylandi. Bu shuni anglatadiki, ushbu Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaga koʻchib oʻtganlarga SSSR va davlat mustaqilligi davridagi — to 2021 yilgacha (Rossiyaning MDH davlatlari bilan kelishuvni denonsatsiya qilish jarayoni boshlanguniga qadar) boʻlgan staj, shuningdek, Rossiya hududidagi ish faoliyati hisobga olinadi.
Tojikiston bilan alohida shartnoma amal qilmoqda, unga koʻra RF pensiyani hisoblashda emigrantning avvalgi yashash joyi hududida orttirgan barcha stajini hisobga oladi.
Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida esa bunday kelishuvlar yoʻq. Shu bilan birga, tomonlar bir necha yildan buyon ushbu masala boʻyicha turli darajalarda muzokaralar olib bormoqda.

