Uzun sochli qizning uzun armonlari
Mening bolaligim Sirdaryoning yuragi - Guliston shahrida, undagi 10-maktabning qadrdon sinfxonalarida o‘tgan. O‘sha paytlarda kichkinagina

**Uzun sochli qizning uzun armonlari**
Mening bolaligim Sirdaryoning yuragi — Guliston shahrida, u yerdagi 10-maktabning aziz sinfxonalarida kechgan. O‘sha kezlarda kichik shahrimizning to‘rt tomoni yam-yashil, cheksiz paxta dalalari bilan o‘ralgan edi. Go‘yo butun olam shu dalalardan iboratdek, hayotimiz ham ularga bog‘lab qo‘yilgandek tuyulardi.
Biz hali suyagi qotmagan beshinchi sinf o‘quvchilari edik. Bahor kelishi bilan maktabni unutib, g‘o‘za chopig‘i va yagana kabi og‘ir dala ishlariga chiqardik. Kuzda esa o‘qish hayoti butunlay to‘xtab qolardi. Reja va majburiyatlar oldida bolalik huquqimiz, kitob-daftarlarimiz o‘z qadrini yo‘qotardi. Biz maktab o‘quvchisi emas, loy va tuproq kechib mehnat qiladigan chin dala ishchisiga aylanardik.
Yillar o‘tib, orzularim meni Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga olib keldi. 1976 yili talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ammo oliy ma’lumot sari yo‘l ham baribir o‘sha tanish dalalardan o‘tardi. Har kuz o‘qish to‘xtar, bizni Sirdaryoning suvsiz, shamol uvvos solgan chekka cho‘llariga jo‘natishardi. U yerlarda bir-ikki oy emas, naq uch-to‘rt oylab qolib ketardik.
Biz sovuq va zax baraklarda yashardik. Tez-tez cho‘l shamoli ko‘tarilib, barak devorlaridagi tirqishlardan kirar, suyaklarimizdan o‘tib ketardi. Tong saharda, hali quyosh chiqmay turib, sovuqdan qaltiragancha dalaga yo‘l olardik. Kun bo‘yi belimizga og‘ir etaklarni bog‘lab, egilib paxta terardik.
Muhammadjon Bobojonov, Muxtor Xudoyqulov, Anvar Karimov, Saydi Umirov, Abdulla Sayfuddinov, Boybo‘ta Do‘stqorayev kabi mehribon domlalarimiz bizga xuddi o‘z farzandidek kuyunishardi. Ahvolimizni ko‘rib ichlari achigan bo‘lsa kerak, «Yaqinda Toshkentga qaytamiz, reja to‘lishiga oz qoldi», deb bizga taskin berishardi. Endi o‘ylasam, ular ham o‘sha davrning qattiqqo‘l tizimi oldida ojiz bo‘lishgan ekan.
O‘sha paytlarda qizlarning sochlari uzun edi, ammo ularni parvarishlash uchun hech qanday sharoit yo‘q edi. Qizlar qiynalmasin deb, jonkuyar domlalarimiz har haftada bir kunni bizga soch yuvish va o‘zimizga qarash uchun dam olish kuni qilib berishardi. Bu kun biz uchun dunyodagi eng katta bayram edi. Barak orqasida olov yoqib, chelaklarda suv isitardik. O‘shanda sochlarimiz juda uzun edi, ammo qalbimizdagi sog‘inch, dardlar va ertangi kunga bo‘lgan orzularimiz undan ham uzunroq edi.
Paxta dalasi biz uchun faqat mehnat joyi emas, balki butun bir avlodning dardu hasratlari ko‘milgan makon edi.
Bir kuni dalada paxta terayotganimda, meni sog‘inib ko‘rgani kelgan enajonimning aytgan gaplari hanuz qulog‘imdan ketmaydi, yuragimni ezadi. Munisginam dala chetidagi etak ustiga ohista o‘tirib, ko‘zlarida yosh bilan shunday degandilar:
— Bizning-ku butun umrimiz shu dalalarda loy kechib, paxta terish bilan o‘tdi, bolam. Mana, sizlarning ham eng go‘zal yoshligingiz shu azoblarda, shu paxtazorlarda o‘tyapti. Nahotki keyingi avlodlarning ham peshonasiga shu og‘ir mehnat yozilgan bo‘lsa?
Bu o‘y meni ham ich-ichimdan kemirardi. Yillar o‘tib, o‘zim ona bo‘ldim. Farzandlarim maktabga chiqqanida esa o‘sha qo‘rquv va hasrat meni yana ta’qib qila boshladi. Maktabdan paxtaga otlanayotgan bolalarimning ortidan qarab, ichimdan bir yig‘i kelardi.
«Nahotki zamon hech qachon o‘zgarmasa? Nahotki mening nabiralarim ham mana shu „shtab“, „norma“, etak va zax baraklarning azobini ko‘rsa?» deb tunlari Xudoga nola qilardim.
Biz zamon va tizim majbur qilgan zanjirlar ichida yashadik. Ammo inson hech qachon umidsiz yashamas ekan. Intizor kutilgan o‘sha yorug‘ kunlar baribir keldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi bilan xalqning tinkasini quritgan majburiy mehnatga, bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yildi. Juda to‘g‘ri yo‘l tanlandi — davlat dalani emas, bolani tanladi!
Bu shunchaki yangilik emas, bu — millatimiz kelajagini, bolalarimizni qutqarish edi. Bolalik paxta dalalarida boy berilishdan, yoshlik og‘ir mehnatda xazon bo‘lishdan omon qoldi. Paxtadan ko‘ra inson qadri ustun ekani isbotlandi.
Bugun mening ko‘zimning oqiyu qorasi bo‘lgan baxtli nabiralarim bor. Ular mutlaqo boshqacha, erkin va farovon dunyoda voyaga yetyapti. Ularga qarab, yuragimdan shukronalik tuyg‘usi o‘tadi: nabiralarimning tilida «paxta suroni», «barak», «shtab», «etak» yoki «norma» kabi og‘ir xotiralarni eslatuvchi so‘zlar umuman yo‘q. Ular bu so‘zlarning ma’nosini ham bilishmaydi, chunki bunday achchiq kunlarni ko‘rishmadi.
Bugungi yoshlarning lug‘ati butunlay boshqacha: «raqamli texnologiya», «innovatsiya», «ingliz tili», «xalqaro olimpiada»...
Bugun nabiralarim uchun shinam va issiq maktablar, kompyuterxonalar, to‘garaklar va cheksiz imkoniyatlar eshigi ochiq. Davlatimiz ularga faqat o‘qish, izlanish va o‘z iqtidorini ko‘rsatish uchun sharoit yaratib bermoqda. Nabiralarim dalada paxta emas, sinfxonalarda o‘z kelajaklari uchun bilim va tafakkur mevasini termoqdalar.
Bu yil ikki nabiram poytaxtdagi nufuzli oliygohlar talabasi bo‘ldi. Biz ko‘rgan qiyinchiliklar ortda qoldi, yoshlarimiz esa biz orzu qilgan go‘zal kelajakka qadam qo‘ydilar. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizdagi islohotlar uchun shukrona aytaman. Xalqni rozi qilayotgan Prezidentimizga chin dildan tashakkur bildiraman.

