Uztelecom tarmogʻi modernizatsiyasi: yoʻlning 90 foizi ortda qoldi. Oldinda yana qanday ishlar bor?
Birgina 2026-yilning oʻzida Uztelecom mamlakat boʻylab 280 dan ortiq yangi tayanch stansiyalarini ishga tushirdi. Kompaniya keng koʻlamli modernizatsiya ishlarini davom ettirib, uskunalarni yangilamoqda, qamrov doirasini kengaytirmoqda hamda aloqa barqarorligini oshirmoqda. 2025–2026-yillarga moʻljallangan rejaning qariyb 90 foizi bajarib boʻlindi.

Uztelecom tarmogʻini modernizatsiya qilishda yoʻlning 90 foizi bosib oʻtildi. Endi yana nimalar qilinadi?
Abonentlar buning samarasini allaqachon sezmoqda — mobil internet tezlashdi. Ammo bu keng koʻlamli tarmoq yangilanishining faqat bir bosqichi, xolos.
90 foizlik ko‘rsatkich nimani bildiradi?
Reja asosida tayanch stansiyalar, uy interneti uchun optik terminallar, transport uskunalari hamda maʼlumotlar markazlari uchun serverlarni o‘rnatish va yangilash nazarda tutilgan.
Hozir respublika bo‘ylab keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda, deyarli har bir tumanda yangi tayanch stansiyalari o‘rnatilmoqda yoki mavjudlari modernizatsiya qilinmoqda, — deya tasdiqlaydi Farhod Muhamadiev.
Joriy yilda 1 931 ta obyekt modernizatsiya qilindi, mamlakat bo‘ylab 280 dan ortiq yangi tayanch stansiyalari ishga tushirildi. Keng polosali ulanish (KPU) tarmog‘i 763 mingdan ziyod abonent portiga kengaytirildi. 2026-yil boshidan buyon 4G trafigi 32 foizga, 5G trafigi esa ikki barobarga oshdi.
Kompaniyaning billing tizimi modernizatsiya qilinib, 67 foizga kengaytirildi va 20 million nafargacha abonent maʼlumotlarini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ldi. Xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa 5 000 Gbit/s gacha yetkazildi.
Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatida esa maʼlumotlar markazini qurish ishlari yakunlanish arafasida. Xalqaro Uptime Institute tomonidan Tier III darajasi bo‘yicha sertifikatlanadigan ushbu obyektlar infratuzilmasining umumiy sig‘imi 100 Pbaytga teng.
Bu reja yanada yirik ikkita dasturning tarkibiy qismidir. Birinchisi (2022–2026-yillar) transport tarmog‘i, xalqaro maʼlumotlar almashinuvi uzeli hamda maʼlumotlar markazlarini yangilashga yo‘naltirilgan. Ikkinchisi esa deyarli butun infratuzilmani — transport aloqa tarmog‘i, mobil aloqa, keng polosali internet tarmog‘i hamda hududlar o‘rtasida maʼlumotlar uzatish kanallarini qamrab oladi. Ushbu loyiha 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan.
Bularning barchasi “Oʻzbekiston - 2030” milliy strategiyasining bir qismi bo‘lib, uning doirasida mamlakatimizdagi barcha aholi punktlarini keng polosali internet tarmog‘iga ulash imkoniyati taʼminlanishi kerak, — deya taʼkidladi Rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Alisher Asilov.

