UzPost Wildberries tuzilmasidan 100 milliard soʻmlik zayomni maʼqullamadi

**UzPost Wildberries tuzilmasidan 100 milliard soʻmlik qarz olishni maʼqullamadi**
UzPost aktsiyadorlari Wb int export kompaniyasidan 100 milliard soʻmlik qarz jalb qilishni qoʻllab-quvvatlamadi. Ushbu masala boʻyicha ovoz berishning barcha ishtirokchilari betaraf qoldi. Xuddi shu yigʻilishda kuzatuv kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi, unga Wildberries & Russ tuzilmalarining besh nafar vakili kirdi.
Yagona korporativ axborot portali maʼlumotlaridan kelib chiqishicha, kuzatuv kengashining yangilangan tarkibiga Wb int export bosh direktori Akmal Primkulov, RVB investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin, RVB yuridik departamenti direktori oʻrinbosari Emil Xasyanov, RVB moliyaviy direktori Pavel Logunov va «VB Bank» mintaqaviy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmeleva kirdi.
Bundan tashqari, kengash tarkibidan raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos, Hisob palatasi mutaxassisi Shahzod Usarov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Muzaffar Astonaqulov va mustaqil aʼzo Rodjer Kruk joy oldi.
Kuzatuv kengashining avvalgi tarkibi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Ushbu qarorni ovoz berishda ishtirok etgan barcha aktsiyadorlar yoqlab ovoz berdi.
Wb int export kompaniyasidan 100 milliard soʻm miqdorida qarz jalb qilish masalasiga kelsak, mablagʻlarni Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi boʻyicha taqdim etish taklif qilingan edi. Qaror loyihasida, shuningdek, qarzni qaytarish jadvali va aktsiyadorlar talabiga binoan kompaniya aktsiyalarini keyinchalik bekor qilish sharti bilan sotib olish koʻzda tutilgan edi. Biroq ovoz berishning barcha ishtirokchilari betaraf qoldi va qarz jalb qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinmadi.
Avvalroq UzPost xususiylashtirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi: iqtisodchi Otabek Bakirov milliy operator «shimoldagi marketpleyslardan biriga» sotilishi mumkinligini aytgan, ekspertlar esa gap Wildberries haqida ketayotganini taxmin qilgan edi. Oʻshanda UzPost investor jalb qilish masalasi koʻrib chiqilayotganini tasdiqlagan, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi esa xususiylashtirishning shaffofligini taʼminlashga chaqirgan edi. Rasmiy ravishda ushbu bitimni na hukumat, na Wildberries izohlagan.

