Iqtisodiyot

UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga AKSH, Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda — DABA

AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy investorlari UzAuto Motors hamda UzAuto Powertrain`ni sotib olishga qiziqish bildirmoqda, deya ma’lum qildi DABA direktori Sohibjon Murodov. Uning aytishicha, aktivlar ochiq va raqobatli xalqaro savdolarda sotiladi. Jarayonga Alvarez & Marsal konsultant sifatida jalb etilgan.

UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga AKSH, Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda — DABA

UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini xarid qilishga AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy investorlari qiziqish bildirayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda 8-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov aytib o‘tdi, deya xabar berdi Gazeta muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni ikki yil avval boshlangan. Tayyorgarlik bosqichiga tanlov asosida xalqaro konsultant — Alvarez & Marsal kompaniyasi jalb etilgan. Bunga ushbu kompaniyaning jahon avtosanoatidagi yirik bitimlar bo‘yicha tajribasi va malakali mutaxassislarga egaligi sabab bo‘lgan.

DABA rahbari bildirilayotgan qiziqishlar muayyan bir investorga ustunlik berilishini yoki aktiv allaqachon sotilganini anglatmasligini alohida qayd etdi. Uning eslatishicha, kompaniya faqat raqobatli va ochiq xalqaro savdolar orqali sotiladi.

“Bu raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va boshqa ishtirokchilarga noto‘g‘ri signal berishi mumkin. Xususiylashtirish bitta kompaniyaga qaratilmagan, bu ochiq xalqaro savdo bo‘ladi”, — dedi Sohibjon Murodov.

Hozirda xususiylashtirish strategiyasidan kelib chiqib, savdolarni tashkil etish bo‘yicha ssenariy ishlab chiqilmoqda.

Keyingi bosqichlarda savdolarni tashkil etuvchi xalqaro konsultant tanlanadi, aktivlar xalqaro standartlar asosida baholanadi, moliyaviy-huquqiy audit (due diligence) o‘tkaziladi hamda mahalliy va xorijiy OAVda investorlar uchun rasmiy takliflar e’lon qilinadi.

Arizalar bosqichma-bosqich qabul qilinadi: avval qiziqish bildirish to‘g‘risidagi so‘rovnomalar (EoI), keyin majburiyatga ega bo‘lmagan (NBO), yakunda esa majburiy takliflar olinadi. Eng maqbul shartlarni taklif qilgan investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib boriladi.

“Sotuv jarayonida litsenziya shartlari va ularning muddatlari, alyans shartnomalari kabi bir qator talablar e’lon qilinadi va muloqot shular asosida olib boriladi”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik rahbari.

Murodov xususiylashtirishning kutilayotgan iqtisodiy samaradorligiga misol sifatida Coca-Cola Uzbekistan bitimini keltirdi. 252 mln dollarga sotilgan va tegishli investitsiya majburiyatlarini olgan korxona hisobiga Toshkentdagi ishlab chiqarish quvvatlari qariyb ikki baravarga oshgan, Namangandagi korxona modernizatsiya qilingan, Xorazmda ishlab chiqarish kengaytirilgan va Samarqandda yangi zavod ishga tushirilgan.

Uning ta’kidlashicha, bunday bitimlar nafaqat korxonalar quvvatini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yetkazib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tarmog‘ini kengaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors, UMS, Toshkent traktor zavodi va bir qancha issiqlik stansiyalarini xususiylashtirish haqida 2025-yil aprelda prezident qarori imzolangan edi.

Gap UzAuto Motors’ning 99,7 foiz va UzAuto Powertrain’ning 100 foiz ulushini sotish haqida bormoqda.

“Avtostrada” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” va General Motors o‘rtasidagi bitim 2017-yil oktabr oyida 10 yil muddatga imzolangan. Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellarini ishlab chiqarish litsenziyasi, Chevrolet brendidan foydalanish huquqi va kompaniya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Mazkur kelishuvning amal qilish muddati 2027-yilda tugaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.