Uyimizga tinchlik boʻlsin
Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng yaxshi natija bilan dunyodagi eng tinch davlatlar global reytingining top-50 taligiga kirdi

Uyimizga tinchlik
Dunyoda tinchliksevarlik darajasi pasayishda davom etmoqda. Global tinchlik indeksi (GPI) — 2026 maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 0,7 foizga yomonlashgan. Salbiy dinamika ketma-ket 12-yildan beri qayd etilmoqda, soʻnggi 18 yil ichida esa yomonlashuv 15 marta kuzatilgan. Bir yil ichida 163 ta mamlakat va hududdan 99 tasida koʻrsatkichlar yomonlashgan, 62 tasida esa yaxshilangan. Hozirda 119 ta davlat 2008 yildagiga qaraganda kamroq tinchdir.
Vaziyat yomonlashuvining asosiy omillaridan biri sifatida qurolli mojarolar sonining ortishi qolmoqda. Soʻnggi mavjud maʼlumotlarga koʻra, 2024 yilda faol davlatlararo qurolli mojarolar soni 61 taga yetdi, bu Ikkinchi jahon urushi davridan beri eng yuqori koʻrsatkichdir. Shu bilan birga, zoʻravonlikning iqtisodiy oqibatlari ham ortib bormoqda: 2025 yilda Institute for Economics & Peace ularni 21,8 trln AQSh dollari yoki jahon YAIMning 10,5 foizi miqdorida baholadi.
2026 yilda Islandiya 1,161 ball natija bilan dunyodagi eng tinch mamlakat boʻlib qoldi. U ketma-ket 19 yildan beri birinchi oʻrinni egallab kelmoqda. Ikkinchi oʻrinda Yangi Zelandiya (1,343 ball), uchinchi oʻrinda esa Shveytsariya (1,363 ball) joylashgan. Keyingi oʻrinlarni Sloveniya (1,369 ball) va Irlandiya (1,371 ball) band etgan. Birinchi oʻnlikka, shuningdek, Avstriya, Portugaliya, Singapur, Finlyandiya va Yaponiya ham kirdi. Eng tinch oʻnta davlatdan yettitasi Yevropada joylashgan.
Reytingning quyi qismidan asosan yirik qurolli mojarolar davom etayotgan davlatlar joy oldi. Oxirgi, 163-oʻrinni 3,367 ball koʻrsatkich bilan Rossiya egalladi. Undan yuqoriroqda Sudan (3,195 ball), DR Kongo (3,189 ball), Ukraina (3,184 ball) va Isroil (3,124 ball) joylashdi. Eng kam tinch boʻlgan oʻnta davlat qatoriga, shuningdek, Janubiy Sudan, Afgʻoniston, Yaman, Suriya va Mali ham kirdi. Rossiya ilk bor GPI reytingida oxirgi oʻrinni egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlari ushbu fonda nisbatan yuqori pozitsiyalarni egalladi. Mintaqadagi eng yaxshi natijani Oʻzbekiston koʻrsatdi: 1,726 ball va dunyoda 37-oʻrin. Qozogʻiston 1,771 ball koʻrsatkich bilan 44-oʻrinni egalladi. Tojikiston 47-oʻrinda (1,799 ball), Qirgʻiziston — 61-oʻrinda (1,853 ball), Turkmaniston — 66-oʻrinda (1,903 ball) joylashdi. Mintaqadagi barcha besh davlatni IEP tinchliksevarlik darajasi yuqori boʻlgan guruhga kiritadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning uchta davlati jahon reytingining top-50 taligiga kirdi, barcha beshtasi esa uning yuqori yarmidan joy oldi.
Oʻtgan yil davomida koʻrsatkichlar faqat Oʻzbekiston va Qozogʻistonda yaxshilandi. Bir yil avval ularning GPI koʻrsatkichi tegishlicha 1,781 va 1,791 ballni tashkil etgan edi. Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda esa, aksincha, vaziyat yomonlashdi: 2025 yilda indeks tegishlicha 1,749, 1,812 va 1,859 ballni tashkil qilgan edi.
Jahon reytingida Oʻzbekiston Albaniya va Ekvatorial Gvineya oraligʻidan joy oldi. Mamlakat, shuningdek, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Gretsiya va Janubiy Koreyadan yuqoriroq pozitsiyani egalladi.
Bunday dinamika kengroq mintaqaviy manzaraga mos keladi. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo GPIning sakkizta mintaqasi ichida oʻrtacha tinchliksevarlik darajasi yaxshilangan yagona mintaqa boʻldi. Qolgan yettita mintaqada koʻrsatkichlar yomonlashdi, bunda eng katta pasayish Janubiy Osiyoda kuzatildi.

