«Uyda arvoh bilan birga yashayman»: Yaponiyadagi arvohli xonadonlar hamyonbop uy qidirayotganlarni jalb qilmoqda
Inson fojiali sharoitda vafot etgan koʻchmas mulk obʼyektlari narxida katta chegirmalar boʻlishi mumkin.

«Men arvoh bilan yashayman»: Yaponiyadagi «arvohli» uylar arzon uy-joy qidirayotganlarni oʻziga jalb etmoqda
Ryua Tokiodagi kvartirasini arvoh bilan baham koʻrishini aytadi.
Ryua Tokiodagi ijaraga olingan xonadoniga ilk bor qadam qoʻygandanoq, bu yerda arvoh borligiga ishonch hosil qildi.
«Uyni koʻrish uchun kelganimda, u yerda bir erkak menga tikilib turgan edi», deydi u.
«Rieltor uni koʻra olmagani uchun, men uning arvoh ekanini tushundim».
Qoʻrquvni bilmaydigan boshqa bir inson balki u yerdan chiqib ketib, qaytib qadam bosmagan boʻlardi, ammo Ryua baribir koʻchib oʻtishga qaror qildi.
«Men biroz oʻzgacha feʼl-atvorga ega insonman, shuning uchun menga tikilib turgan ushbu erkak arvohi bilan doʻstlashishga qaror qildim», deydi aydoru (yosh sanʼatkor) boʻlib ishlaydigan va familiyasini oshkor qilishni istamagan Ryua.
Toʻrt yil oʻtib ham oʻsha xonadonda yashayotgan Ryuaning aytishicha, paranormal hodisalar har kuni davom etmoqda. U doim qadam tovushlarini va arvohning gapirayotganini eshitishini aytadi.
Yaponiyada Hellouin bayrami tobora ommalashib borayotgan boʻlsa-da, mamlakatda «yoʻrey» degan oʻz soʻzi bor, bu tinchlik topmagan, bezovta ruhni anglatadi.
Bular shafqatsiz yoki fojiali sharoitda vafot etgan — oʻldirilgan, oʻz joniga qasd qilgan yoki shunchaki yolgʻizlikda olamdan oʻtgan odamlarning arvohlaridir. Agar ular oʻz uyida vafot etgan boʻlsa, ularning «yoʻrey»i bu yerni tark etmaydi degan ishonch bor.
Xurofotlarga ishonmaydigan va vahimaga tushmaydigan uy qidiruvchilar uchun bu katta chegirmalarni anglatishi mumkin. Bu yerda «jiko bukken», yaʼni «noxush nom chiqargan» yoki «koʻngilsiz hodisa yuz bergan» mulklar deb ataladigan butun bir uy-joy kategoriyasi mavjud.
2021 yilda qabul qilingan hukumat koʻrsatmalariga koʻra, yaponiyalik rieltorlar oʻz joniga qasd qilish, qotillik, yongʻin sababli oʻlim va jasad uzoq vaqt davomida toppilmagan har qanday oʻlim holatini oshkor qilishlari shart.
Ijaraga beriladigan mulklar uchun bu maʼlumot uch yil davomida, sotuvga qoʻyilgan har qanday mulk uchun esa cheklanmagan muddatga oshkor qilinishi kerak.
Bundan farqli oʻlaroq, Buyuk Britaniyada bunday huquqiy talab mavjud emas.
AQShda esa qoidalar shtatdan shtatga farq qiladi.
Masalan, Kaliforniyada soʻnggi uch yil ichida mulkda kimdir vafot etgan boʻlsa, buni oshkor qilishingiz shart, Arizona va Oregonda esa bunday talab yoʻq.
Ryuaga uning xonadonida bir erkak oʻz joniga qasd qilgani aytilgan. Natijada, u Setagayaning nufuzli tumanida joylashgan 25 kvadrat metrli kichik bir xonali uyining ijara haqidan deyarli 30 foiz chegirma oladi. Uning aytishicha, uy 62 000 iyena turishi kerak boʻlgan bir paytda, u oyiga 45 000 iyena ($285; £213) toʻlaydi.
Qotillik yoki oʻz joniga qasd qilish holati yuz bergan uyni har qanday joyda sotish yoki ijaraga berish qiyinroq boʻlishi tabiiy, ammo Tokiolik rieltor Erik Oskampning aytishicha, yaponlar juda xurofotchi va noxush nom chiqargan mulklardan ayniqsa ehtiyot boʻlishadi.
«[Hatto] qabriston yonidagi kvartirani ijaraga berish qiyin boʻladi, ayniqsa agar oshxonadan qabrlar koʻrinib tursa», deb tushuntiradi Oskamp. «Eng yomoni — agar kvartirada oʻz joniga qasd qilish sodir boʻlgan boʻlsa. Hatto kimdir tomdan sakrab ketgan boʻlsa ham, koʻplab ijarachilar koʻchib ketishadi. Boshqa muammolar — bu ogʻir jinoyat yoki yolgʻizlikdagi oʻlimdir».
Oxirgi muammo, yaʼni kimningdir yolgʻizlikda vafot etishi, masalan, Buyuk Britaniya yoki AQShda mulkning qiymatiga odatda taʼsir qilmaydi.
Ammo Yaponiya janubi-gʻarbidagi qishloq joylashgan Kagosimada bu holat Dian Tincherga katta uch xonali uyni soʻralgan narxning yarmiga sotib olish imkonini berdi.
79 yoshli amerikalik ayol Yaponiyada 40 yilga yaqin yashaydi va gid boʻlib ishlaydi. Uning aytishicha, rieltor unga hammasini ochiq aytgan — keksa ayol yolgʻizlikda vafot etgani va bu mulkga noxush nom orttirgani sababli katta chegirma berilgan.
Tincher oʻxshash uylar odatda 45 million iyenagacha sotiladigan hududdagi ushbu uy uchun 20 million iyena toʻlagan.
«Men arvohlarga ishonmayman. Lekin yaponlarning juda xurofotchi ekanini bilaman», deydi u. «Agar arvoh bor boʻlsa, shunday muhtasham va arzon uyda yashayotganim uchun undan har kuni minnatdor boʻlaman...»
Tincher uy haqida maʼlumot toʻplash jarayonida uni Oshimaland deb nomlangan veb-saytdan topdi, unda «jiko bukken» mulklari roʻyxatga olingan va u yerda sodir boʻlgan koʻngilsiz hodisalar tafsilotlari keltirilgan. Sayt 2005 yilda Tokioni qamrab olishdan boshlangan, keyinchalik butun Yaponiya boʻylab va 2011 yilda xalqaro darajada kengaygan.
Sayt kraudsorsing asosida ishlaydi, yaʼni jamoatchilik vakillari uylar va ularning tafsilotlarini oʻzlari qoʻshadilar.
Oshimaland asoschisi Teru Oshimaning aytishicha, ilgari bunday mulklar Yaponiyada «unchalik jozibador boʻlmagan variantlar» edi.
Ammo soʻnggi yillarda uy-joy narxlari va umumiy turmush darajasining keskin oshishi fonida, 2025 yilgi soʻrovnoma shuni koʻrsatdiki, yaponlarning yarmidan koʻpi, agar arzon boʻlsa, endi «jiko bukken»ni ijaraga olishga rozi.
Setagayaga qaytsak, Ryua arvoh qoʻshnisi bilan yashashdan mamnun ekanini aytadi. «Ishonamanki, arvohlar qachonlardir yashagan insonlar boʻlishgan, shuning uchun ular bizning hurmatimizga loyiqdir», deydi u.

