Uy-joy xaridida firibgarlikdan qanday himoyalanish mumkin?
O‘zbekistonda uy-joy xarid qilishdan avval qurilayotgan ob’yektning qonuniyligi va rasmiy maqomini onlayn tekshirish imkoniyati mavjud. Maxsus geoportal orqali qurilishga ruxsat berilgani, ishlar to‘xtatilgani yoki ob’yekt bekor qilingani haqida ma’lumot olish mumkin.

Uy-joy sotib olayotganda firibgarlikdan qanday himoyalanish mumkin?
Uy-joy xarid qilishda firibgarlikning oldini olish va qurilish obyekti qonuniy ekanligini tekshirish uchun dshk.shaffofqurilish.uz geoportali ishga tushirildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi ushbu tizim orqali qurilish obyektlari haqidagi ma’lumotlarni tekshirish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash va shaharsozlik hujjatlari bilan tanishish mumkin.
Portalda qonunbuzarliklar aniqlangan obyektlarning maxsus reyestri ham mavjud. Unda obyektlarning manzili, maydoni va fotosuratlari joylashtirilgan.
Shuningdek, interaktiv xaritadagi rangli belgilar orqali qurilish obyektining hozirgi holatini bilib olish mumkin. Xususan, ko‘k rang qurilish ishlari qonuniy davom etayotganini, qizil rang ishlar to‘xtatilganini, qora rang esa qurilish bekor qilinganini bildiradi.
Agar xaridor qiziqayotgan qurilish obyekti xaritada umuman ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu uning rasmiy ro‘yxatdan o‘tmaganligini anglatishi mumkin.
Bundan tashqari, tizim orqali obyekt davlat nazoratiga olingan-olinmaganligi, hudud buzilish yoki renovatsiya rejalariga kiritilgan-kiritilmaganligi haqidagi ma’lumotlarni ham tekshirish imkoniyati mavjud.
Mutaxassislar fuqarolarga, ayniqsa yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadon xarid qilish yoki qurilishga sarmoya kiritishdan oldin obyekt haqidagi ma’lumotlarni rasmiy baza orqali tekshirib olishni tavsiya qilmoqda.

