US Open turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi rekord darajaga yetdi

US Open turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi rekord darajaga yetdi
Tennis bo‘yicha yilning so‘nggi "Katta dubulg‘a" musobaqasi bo‘lmish AQSH ochiq chempionatining (US Open) 2026-yilgi turniri uchun ajratiladigan mukofot puli rekord darajaga yetib, 108 million dollarni tashkil etadi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 20 foizga ko‘pdir.
Turnir tashkilotchilarining xabar berishicha, mukofot jamg‘armasi 2024-yilga nisbatan 44 foizga oshgan. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida g‘olib chiqqan har bir tennischi 5,5 million dollardan mukofot oladi. Bu tennis tarixidagi eng yuqori chempionlik mukofotidir.
Asosiy to‘rning birinchi bosqichida mag‘lub bo‘lgan tennischilar ham 140 ming dollardan ishlab oladi. Bu ham "Katta dubulg‘a" turnirlari tarixidagi eng yuqori birinchi bosqich mukofoti hisoblanadi.
Bundan tashqari, AQSH tennis assotsiatsiyasi (USTA) tennischilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi dastur uchun 2 million dollar ajratadi. Ushbu mablag‘ erkak va ayol tennischilar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Mukofot pullarining oshirilishi tennischilar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Avvalroq sportchilar "Katta dubulg‘a" turnirlaridan olinadigan daromadning kattaroq qismini talab qilib, norozilik aksiyalarini o‘tkazishni rejalashtirgandi. Mukofot jamg‘armasi oshirilganidan so‘ng tennischilar bu yilgi US Open’da norozilik namoyishi o‘tkazmaslikka qaror qildi.
Shu bilan birga, tennischilar mukofot pullarining oshirilishi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ular barcha "Katta dubulg‘a" turnirlarida musobaqalardan olinadigan daromadni tennischilar o‘rtasida taqsimlashning yagona tizimini joriy etishni talab qilmoqda.
Shuningdek, Avstraliya ochiq chempionati, "Rolan Garros", "Uimbldon" va US Open tashkilotchilari tennischilar manfaatlarini himoya qilish va ularning fikrlarini inobatga olish maqsadida Grand Slam Player Advisory Council – "Katta dubulg‘a" tennischilar maslahat kengashini tuzdi. Kengash 2026-yilgi US Open yakunlanganidan so‘ng faoliyatini boshlaydi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi US Open AQSHning Nyu-York shahrida 30-avgustdan 13-sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Turnirning amaldagi chempioni ispaniyalik Karlos Alkaras hisoblanadi.

