“Urush jinoyatchilarning o‘rni BMT minbarida emas, sud zalidadir” — Erdo‘g‘on

“Urush jinoyatchilarning o‘rni BMT minbarida emas, sud zalidadir” — Erdo‘g‘on
Urush jinoyatchilari BMT minbarida emas, balki sud zalida bo‘lishi kerak. Ular o‘z qilmishlari va to‘kilgan qonlar uchun javob berishi shart.
Turkiya yetakchisi bugungi xalqaro tizim yuzlashayotgan inqirozga alohida urg‘u berdi.
“Biz global tizim qonuniylik, vakillik va adolat nuqtayi nazaridan berk ko‘chaga kirib qolgan davrni boshdan kechirmoqdamiz. Xususan, mamlakatimiz markazida joylashgan mintaqa tom ma’noda inqirozlar bo‘ronini boshdan kechirmoqda. Tarixda ilk bor ‘kuchli haqli’ tamoyili xalqaro munosabatlarga bunchalik chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda”, dedi Erdo‘g‘on.
Turkiya prezidenti Falastin, jumladan G‘azo sektoridagi vaziyat haqida to‘xtalib, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy ekanini bildirdi.
“O‘zini tanlangan deb hisoblaydigan va hammadan ustun qo‘yadigan bosqinchi sionistik tafakkurning asl yuzini fosh qilamiz. Ularda na rahm-shafqat, na vijdon, na axloq bor”, deya u Isroilni nazarda tutib ta’kidladi.
Shuningdek, Erdo‘g‘on genotsid uchun javobgarlar qonun oldida javob berishi shartligini aytdi.
“Agar genotsid sodir etganlar adolat sudiga berilmasa, qonun va tarix oldida javob bermasa, bunday vahshiyliklar yana takrorlanadi”, dedi u.
“Falastin xalqi yolg‘iz emas”
Shu bilan birga, Turkiya rahbari Anqara haqiqat va adolatni himoya qilishda davom etishini hamda mazlumlarning ovozi bo‘lib qolishini aytdi.
“Falastin xalqi yolg‘iz emas va qo‘llab-quvvatlashdan mahrum bo‘lmagan. G‘azodagi birodarlarimiz haq-huquqi va adolat uchun kurashda yolg‘iz emas. Turkiya o‘zining qat’iy, g‘ururli va jasur pozitsiyasi bilan nafaqat mazlumlarga umid bag‘ishladi, balki boshqa mamlakatlarni ham ilhomlantirdi”, dedi Erdo‘g‘on.
U nutqini yana bir bor quyidagi so‘zlar bilan yakunladi:
“Urush jinoyatchilarning o‘rni BMT minbarida emas, balki sud zalidadir, ular sodir etgan jinoyatlari va to‘kilgan qonlar uchun javob berishi shart”.
Nyu Yorkda o‘tgan BMT Bosh Assambleyasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham so‘zga chiqib, Turkiyani qoralagandi. Xususan, u Erdo‘g‘onni Falastinning HAMAS guruhini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, uni “tiran” deb atagan. Bu ayblovga Turkiya prezidentligining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Burhanettin Duran keskin javob qaytargan.
“Isroil bosh vazirining BMT minbaridan foydalanib, Turkiya va Erdo‘g‘anga qarshi asossiz ayblovlar qo‘yishi BMTning tinchlik, huquq va muloqot ideallariga mos kelmaydi”, degandi Duran.

