Urganchda 10 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 5 yilga qamaldi. Bolaning otasi hukmdan norozi
2026-yil Urganchda BYD piyodalar o‘tish joyida 10 yoshli bolani urib yuborib, o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Sud haydovchiga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bolaning otasi hodisaga poyga sabab bo‘lganini aytib, og‘irroq jazo va hodisaning boshqa ishtirokchisi ham tergov qilinishini so‘ramoqda.

Urganchda 10 yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bolaning otasi esa hukmdan norozi.
2026-yil 4-may kuni Xorazm viloyati Urganch tumanida BYD avtomobili 10 yoshli Uchqun Aminboyevni urib yuborgan edi. Bola olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Bolaning otasi Gazeta’ga murojaat qilib, farzandi YTH qurboni bo‘lgan piyodalar o‘tish yo‘lagida ilgari ham qurbonlar bo‘lgani, boshqa odamlar jabrlanmasligi uchun svetofor o‘rnatishni so‘ragan. Murojaatdan bir oy o‘tmay svetofor o‘rnatilib, ishga tushgan.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
2026-yil 7-sentabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudida ish ko‘rib chiqilgan. Bu haqda bolaning otasi Gazeta’ga ma’lum qildi.
Sud hukmiga ko‘ra, BYD haydovchisi Temur Allanazarov YTH sodir bo‘lgan paytda avtomobilni boshqarishda amaldagi bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzgan.
Jumladan, u harakat xavfsizligini ta’minlaydigan tezlikni tanlamagan, yo‘lda yuzaga kelgan xavfga qaramay tezlikni vaqtida kamaytirmagan, manyovr vaqtida boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xavf tug‘dirmaslik va piyodalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish talablariga rioya qilmagan, aholi punktlarida belgilangan tezlik chekloviga hamda tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida piyodaga yo‘l berish talablariga amal qilmagan.
Natijada u yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan velosiped yetaklab o‘tayotgan Uchqun Aminboyevni avtomashinasining old chap tomoni bilan urib yuborib, YTH sodir qilgan. Piyoda hodisa joyida vafot etgan.
Temur Allanazarov sudda aybiga iqror bo‘lib, o‘sha kuni avtomobil tezligi taxminan 85−90 km/soat bo‘lgani, oldinda ketayotgan “Jiguli” piyodalar o‘tish joyi oldida keskin tormoz bergani uchun to‘qnashuvning oldini olish maqsadida rulni chapga burgani, shu payt piyodalar o‘tish joyidan velosipedini yetaklab o‘tayotgan bolani ko‘rib qolib, keyin rulni o‘ngga burganini aytgan. Biroq masofa qisqa bo‘lgani sabab avtomobilning chap qismi velosipedning orqa qismiga tekkan.
“Piyodani 6−7 metr masofadan ko‘rdim, biroq avtomobil tezligi sabab uni to‘xtatishga ulgurmadim”, — degan haydovchi.
Temur Allanazarov qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan qonuniy yengillik so‘ragan.
Jabrlanuvchining otasi Anvar Masharipov esa o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, avtomobil 100 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanganini aytib, suddan Temur Allanazarovga nisbatan qamoq bilan bog‘liq og‘irroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud jazo tayinlashda Temur Allanazarovning aybiga iqrorligi, oilaviy va moddiy ahvoli, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, muqaddam sudlanmagani, hodisadan keyin jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatishga uringani va moddiy yordam berganini yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olib, uni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan va 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etgan. Jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilangan.
Marhum Uchqun Aminboyevning otasi Anvar Masharipov Bosh prokuratura va Xorazm viloyati prokuraturasiga murojaat qilib, o‘g‘lining o‘limi bilan bog‘liq YTH vaqtida avtomobil tezligi sud hujjatlarida ko‘rsatilganidan ancha yuqori bo‘lgani va hodisaga boshqa avtomobillar ham aloqadorligini aytmoqda.
“Videokameralardagi yozuvlardan BYD kamida 150 km/soat tezlikda kelgani, o‘g‘limni urib yuborgach, 70−80 metr o‘tib to‘xtagani ko‘rinib turibdi. BYD “Jiguli” mashinasi bilan poyga o‘ynab kelayotgan bo‘lgan. Bu ham kameralarga tushib qolgan. “Jiguli” bilan BYD poyga o‘ynashi mumkinmi, dersiz. Lekin uning haydovchisini tanigan mahalladoshlar “Juguli”da boshqa motor bo‘lganini aytishyapti”, — deydi ota.
U, shuningdek, yana bir holat bo‘lmaganda bola yo‘ldan o‘tib olishi va avariya ham sodir bo‘lmasligi mumkinligini aytadi.
“O‘sha payt poygaga aloqasi bo‘lmagan boshqa bir mashina — Gentra yo‘ldan noqonuniy burilib, piyodalar o‘tish yo‘lagiga, bolamning ustiga qarab haydagan. Bolam ham mashinani ko‘rib, bir-ikki qadam orqaga yurib, to‘xtab qolgan, shu paytda unga BYD kelib urilgan. Ehtimol, Gentra noqonuniy burilmaganda ham o‘g‘lim yo‘ldan o‘tib olishi mumkin edi”, — deydi ota.
Anvar Masharipov hodisaning boshqa ishtirokchilari — “Jiguli” va Gentra tergovga jalb etilmaganini aytib, shikoyat qiladi. Uning ta’kidlashicha, BYD va “Jiguli” harakat vaqtida boshqa bir Cobalt mashinasini qisib o‘tgan. Cobalt avariyadan keyin hodisa joyidan ketmasdan “Ichki ishlar xodimlari kelsa, ko‘rsatma beraman” deb bir muddat kutgan, hech kim kelmagandan keyin ketib qolgan. Bu haqda otaga hodisa guvohlari aytib bergan.
“Avariyadan uch kun o‘tib, YTH sodir bo‘lgan hududdagi kameralar yozuvlarini tergovchiga olib borganman. Qolgan mashinalarni vaqtida topmasa, yozuv o‘chib ketadi, deganimdan keyin ham umuman hech joyga chiqib o‘rganishmagan. Bu yerda mansabdor odamlarning qo‘li bormi deb ham o‘ylayman”, — deydi ota.
Qolaversa, ota avariyadan 13 kun o‘tib, ashyoviy dalil — BYD mashinasi avtotexnik ekspertiza xulosasisiz jarima maydonchasidan chiqarib yuborilganini aytadi.
“Ish hujjatlarida BYDning jarima maydonchasidan chiqib ketgani haqida ma’lumot bor. Avtotexnik ekspertiza xulosasisiz mashina necha tezlikda kelib urgani haqida ma’lumot olib bo‘lmaydi. BYD 80−90 tezlikda kelganini aytdi, lekin bu haqda sud biror aniq xulosa bermadi. Nahotki prokuror ham “delo”ni o‘rganib chiqqanda avtotexnik ekspertiza xulosasini so‘ramagan? Vaholanki, tibbiy ekspertiza xulosasi bor. Bu degani odam o‘lgani dalillandi, bo‘ldi, urgan mashina qamaldi, qolganlari yuraversin deganimi? Ish bir taraflama olib borilgan”, — deydi ota.
U, shuningdek, sudning haydovchi Temur Allanazarovga tayinlagan jazosidan ham norozi bo‘lib, bosh prokurordan yordam so‘ragan.
“Bu nima degan gap? 10 yoshli bolam o‘tib ketdi, odam o‘ldirganga 5 yil berishadimi? Bunaqa yuqori tezlikda emas, 60−70 km/soat bo‘lsa ham Allohdan kelgan ish deb kechirib yuborar, qamatmasdim. Lekin atayin yo‘l qoidasini qo‘pol ravishda buzib, poyga o‘ynab, 150 km/soatdan tezlikda kelib, bolamni urgan odamning ishi sudda bir yoqlama o‘rganilgan. Nima qilishni bilmayapman. Yordam bering”, — deydi ota.
Anvar Masharipov mazkur sud hukmi yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudiga appelyatsiya shikoyati ham kiritgan.

