Urganch va Xiva o‘rtasida tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Chipta narxi 25 ming so‘m

Urganch va Xiva o‘rtasida tezyurar elektropoyezd qatnovi boshlandi. Chipta narxi 25 ming so‘m
Urganch Aerovokzal—Xiva—Urganch Aerovokzal yo‘nalishida Xitoy kompaniyasi ishlab chiqargan CR200J rusumli tezyurar elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi.
6 ta vagondan iborat ushbu poyezd 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 160 km/soat tezlikda harakatlanadi. Unda “Econom” toifasidagi qulay o‘rindiqlar, har bir o‘rindiqda USB quvvatlantirish qurilmalari, iqlim nazorati tizimi hamda nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar mavjud.
7055-sonli Urganch Aerovokzal—Xiva poyezdi Urganch Aerovokzaldan 08:40 da jo‘nab, 08:59–09:02 oralig‘ida Urganch bekatida to‘xtaydi va 09:22 da Xivaga yetib boradi.
7058-sonli Xiva—Urganch Aerovokzal poyezdi esa Xivadan 21:00 da yo‘lga chiqib, 21:20–21:23 da Urganchda to‘xtaydi va 21:42 da Urganch Aerovokzaliga yetib keladi.
Chipta narxlari: kattalar uchun — 25 ming so‘m; bolalar uchun — 14 ming so‘m.
Chiptalarni elektron platforma orqali xarid qilish mumkin. Ma’lumot uchun 1005 qisqa raqamiga murojaat qilish kerak.
Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temiryo‘l bekatini bog‘laydigan liniya bilan tanishib, bu yo‘nalishga qo‘yilgan yangi elektropoyezdda Xivaga kelgandi.
Qiymati 225 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrlik yangi temiryo‘l liniyasi qurilgan. Unda bir bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.

