Urganch aeroportidagi yangi terminal hozirgisidan 4 baravardan katta boʻladi
39 ming kvadrat metr maydonga ega yangi terminal bir soatda 1300 nafargacha yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi. Aeroportni modernizatsiya qilish ishlarini 2028-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Urganch aeroportidagi yangi terminal hozirgisidan 4 baravardan katta bo‘ladi
Urganch xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminalini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Hozir qurilish maydonida kotlovan qazilmoqda.
Qurilish ishlarini olib borayotgan Bomi Engineering & Construction kompaniyasi vakili Xvan Yongjening Kun.uzʼga aytishicha, keyingi bosqichda qoziq qoqish ishlari boshlanadi.
«Hozir qurilishning dastlabki bosqichidamiz, kotlovan qazish ishlari boshlandi. Keyingi bosqichda qoziq qoqish ishlari olib boriladi. Aeroport qurilishini 2028-yil oxirigacha yakunlashni rejalashtirganmiz», - dedi u.
Modernizatsiya loyihasining umumiy qiymati 242 mln dollarga baholangan. Shundan 134 mln dollari xususiy sherik, 108 mln dollari davlat sherigi obyektlariga to‘g‘ri keladi.
Loyiha Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Kompaniya 2025-yil aprelida o‘tkazilgan xalqaro tenderda g‘olib bo‘lgan.
Kelishuv 22 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning 3 yili qurilish, 19 yili konsessiya davriga to‘g‘ri keladi.
Loyihaning asosiy obyektlaridan biri qariyb 39 ming kvadrat metr maydonga ega yangi yo‘lovchi terminali bo‘ladi. Amaldagi terminal maydoni 9,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Yangi terminal ishga tushgach, uning bir soatlik xizmat ko‘rsatish quvvati 300 yo‘lovchidan 1300 nafargacha oshadi. Aeroport yiliga hozirgi 1,2 mln o‘rniga 3,5 mln nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Terminalda xalqaro va ichki reyslar yo‘lovchilari oqimi ajratiladi. Ro‘yxatdan o‘tish, tekshiruv va bagaj bilan ishlash zonalari, VIP va CIP zallar, Duty Free savdo maydonlari hamda ovqatlanish shoxobchalari tashkil etiladi.
Xvan Yongjening aytishicha, yangi terminal dizaynida Xorazm me’morchiligiga xos elementlardan foydalaniladi.
Qurilish davomida aeroport faoliyati to‘xtatilmaydi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun qurilgan vaqtinchalik uchib kelish terminali 2026-yil avgustida aeroport foydalanishiga topshirilgan.
Modernizatsiya aerodrom infratuzilmasini ham qamrab oladi. Samolyotlar turish joylari 6 tadan 18 tagacha, yurish yo‘laklari soni esa 4 tagacha ko‘paytiriladi. Shuningdek, 3300 metr uzunlikdagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan.

