Urbanizatsiya qo‘mitasi firibgarlik qurboni bo‘layotgan fuqarolar bo‘yicha izoh berdi
Ayrim qurilish kompaniyalari faoliyati, uy-joyni topshirish muddatlarining buzilishi, xaridorlarga mablag‘larning qaytarilmasligi holatlari uchramoqda.

Urbanizatsiya qo‘mitasi firibgarlik qurboni bo‘layotgan fuqarolar haqida izoh berdi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Qo‘mita uy-joy xaridi uchun mablag‘ kiritgan fuqarolarning va’da qilingan xonadonlar hamda pullarini qaytarib olish imkoniyatisiz qolishini mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb baholagan.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan «Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi doirasida eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Mazkur mexanizm xaridorlar mablag‘larini maxsus bank hisobvaraqlariga joylashtirishni va ularni quruvchilarga faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu firibgarlik hamda fuqarolar mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish xavfini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Eskrou mexanizmi, shuningdek, qurilishning uzluksiz davom etishini ta’minlashni ham ko‘zda tutadi, jumladan, loyihani amalga oshirishda jiddiy muammolar yuzaga kelganda boshqa quruvchini tezkor jalb qilish imkoniyatini ham beradi. Bu esa quruvchi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda ham qurilishning yakunlanishini ta’minlaydi.
«Milliy qo‘mita xaridorlar mablag‘larini ishonchli himoya qilish, quruvchilar tomonidan majburiyatlarning so‘zsiz bajarilishi hamda bozorning vijdonli ishtirokchilari uchun shaffof va teng sharoitlar yaratish uy-joy qurilishining asosi bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi
», deyiladi xabarda.

