Dunyo

“Uni tasodifan o‘lgan deb hujjat to‘g‘rilashdi”: fashistlar 40 yil tan olmagan qotillik siri

“Uni tasodifan o‘lgan deb hujjat to‘g‘rilashdi”: fashistlar 40 yil tan olmagan qotillik siri

Uni tongga tirab otdilar…

U yiqildi,

So‘ng yana turdi

Va yoshgina,

Bukri bir askar

Qo‘ndoq bilan boshiga urdi.

1936-yil 19-avgustga o‘tar kechasi. Tun eng qora va sovuq libosini kiygan, atrofda o‘lim sharpasi kezib yurardi. Ispaniyaning qadimiy Viznar va Alfakar qishloqlari oralig‘idagi g‘ira-shira yo‘l. Arablar azaldan “Ayadamar”, ya’ni “Ko‘z yoshlar chashmasi” deb atagan jarlik yoqasida yupun kiyingan, izg‘irindan dildirab turgan bir yigit so‘nggi bor osmonga tikildi. Uning ro‘parasida ko‘zlari qon bilan qoplangan, miltiqlarini o‘qtalgan olti nafar jallod turardi.

Bu yigit kim edi? Nega butun boshli qonxo‘r fashistik mashina, isyonchi harbiylar va general Frankoning muntazam armiyasi qo‘lida na quroli, na bombasi bo‘lgan bu ojiz qalamkashdan o‘lguday qo‘rqdi, unga qasd qilishganini o‘nlab yillar yashirdi? Axir u biror partiya bayrog‘ini ko‘tarib, olomonni jangga chorlamagan, siyosiy minbarlarda nutq so‘zlamagan-ku! Uning yagona “aybi” — so‘zining o‘tkirligi, xalq yuragini uyg‘ota olgani va G‘arb libosidagi Sharq poeziyasining o‘lmas ohangini topganida edi. U — ispan elining faryodi, mangu yig‘lab turuvchi tirik gitarasi Federiko Garsia Lorka edi.

Keling, sivilizatsiya va jaholat to‘qnashgan bu qonli dramaning parda ortiga nazar tashlaymiz. Shoir qotillarini qanday bashorat qilgani va ispan tuprog‘i nega uning jasadini hanuz qaytarmayotgani haqida mulohaza yuritamiz.

Qand lavlagi va pianino torlaridagi isyon

Lorkaning ildizlari qashshoqlikka borib taqalmagan edi. 1898-yil 5-iyunda Granada yaqinidagi Fuente Vakeros shaharchasida shakar sanoati hisobidan katta boylik orttirgan Federiko Garsia Rodriges va o‘qituvchi Visenta Lorka Romero oilasida tug‘ilgan bola aslzodalardek yashashi mumkin edi. Biroq u 1909-yili oilasi bilan Granadaga ko‘chib o‘tgach ham qishloqning yovvoyi tabiati, lo‘lilarning erkin ruhi va Andalusiyaning sehrli ohanglaridan uzila olmadi.

Avval uni adabiyot emas, musiqa rom etdi. Mahalliy konservatoriyada bastakor Antonio Segura Mesa qo‘lida olti yil pianino chalishni o‘rgandi. Uning qalbida Debyussi va Shopen ohanglari yashardi. Agar 1916-yilda ustozi vafot etmaganida, Lorka ehtimol buyuk kompozitor bo‘lib yetishardi. Ammo taqdir uning musiqiy ehtirosini qog‘ozga, so‘zlarga ko‘chirishni irod etdi. 1918-yili otasining puli bilan nashr etilgan “Taassurotlar va manzaralar” nomli ilk nasriy kitobi uning adabiyot olamiga kirib kelganidan darak bergan ilk burg‘u sadosi edi.

1914-yili Granada universitetiga o‘qishga kirgan qabariq ko‘zli, o‘ychan yigit 1919-yili ota-onasini ko‘ndirib, Madridga — mashhur Residencia de Estudiantes talabalar turar joyiga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda ispan avangardining bo‘lajak titanlari — Luis Bunyuel va Salvador Dali bilan tanishib, mashhur “27-avlod” adabiy guruhining o‘zagini tashkil etdi.

Sahnadagi shafqatsiz dars va lo‘lilar faryodi

Lorka teatrdagi ilk qadamlarida kutilmagan zarbaga uchradi. 1920-yili sahnalashtirilgan “Kapalakning yomon sehri” (tarakan va kapalak muhabbati haqidagi pyesa) tomoshabinlar tomonidan masxara qilinib, atigi to‘rtinchi namoyishdayoq sahnadan olib tashlandi. Bu og‘ir zarba yosh ijodkorning didini charxladi.

1922-yilda u mashhur bastakor Manuel de Falya bilan birga Granadada Cante Jondo (“Chuqur qo‘shiq”) festivalini tashkil etdi. U ispan she’riyatiga oddiy “gullar va qushlar”ni emas, Sharqning g‘alayonga to‘la ohanglarini olib kirdi. Uning eng katta to‘lqini 1928-yilda chop etilgan “Lo‘lilar balladalari” (Romancero gitano) to‘plami bo‘ldi. Bu asar uni butun Lotin Amerikasi va Yevropaga mashhur qildi.

Oyday dafni Presiosa daranglatar ekan, nogoh ko‘z oldida bahaybat bir yomon shamol paydo bo‘lar.

Bu yalang‘och Xristofordir, samoviy til, jismi kabir, qaror qizga ham vishillar nayning xunuk sasi kabi.

Hoy, lo‘li qiz, etagingni bir ko‘tarib, qayra tashlay, qorningdagi ko‘k atirgul qo‘llarimda tursin yashnab.

Presiosa oyday dafni tashlab jonholatda qochar.

O‘ynab cho‘g‘day shamshirini shamol qizni quva boshlar...

Ammo ommaviy muvaffaqiyat shoirning o‘zini qoniqtirmadi. U “lo‘lilar shoiri” degan tor qolipga tiqib qo‘yilishidan, jamoatchilik uning asl fikrlarini anglamay, uni shunchaki mahalliy kolorit kuychisi sifatida ko‘rishidan nafratlanardi.

Nyu York — sement qafasdagi shoir

Ruhiy tushkunlik, do‘stlari Dali va Bunyuel bilan sovuqlashgan munosabatlar (ularning “Andalusiya iti” filmini Lorka o‘ziga qaratilgan hujum deb tushungan) uni qit’a almashtirishga majbur qildi. 1929-yili u Nyu Yorkka ketdi.

Andalusiyaning issiq, ehtirosli va afsonaviy tuprog‘idan chiqqan daho Nyu Yorkning sovuq, osmono‘par binolari va hissiz mexanizmlari qamog‘iga tushib qoldi. 1929-yilgi Uoll-strit inqirozi, kapitalistik jamiyatning pulga sig‘inishi, ko‘chalarda och-nahor qolgan odamlar — bularning barchasi Lorkani larzaga soldi. U Kolumbiya universitetida o‘qir ekan, endi lo‘lilar va oydin tunlar haqida emas, insoniyatning qonli sivilizatsiyasi haqida yozishni boshladi:

Tong kelar, ammo birov tekizmaydi labini, axir kun baribir chiqmas, umid yo‘q.

Goh shiddat-la tashlanib bir hovuch chaqa, yamlay boshlar tashlandiq bolalarni.

Kimki uydan chiqsa suyak-suyagigacha sirqiratar ilm, jannat-da, sevgi-da, xazonrez-da yo‘q deb uqtirar, qonunlar va sonlarning loy yo‘llaridan aldovlarga berilib, behuda ter to‘kishga undar.

Sement va temir qafasda o‘z Sharqi, Andalusiyasini sog‘ingan shoir 1930-yili Ispaniyaga, yangi tashkil topgan Ikkinchi Respublika davriga qaytib keldi.

La Barraca va zolimlar bilan yuzma-yuz

Ispaniyaga qaytgach, Lorka minbarlarda quruq she’r o‘qishni to‘xtatdi. U La Barraca (“Barak”) deb nomlangan sayyor talabalar teatriga rahbar bo‘ldi. Qishloqma-qishloq yurib, umrida teatr nimaligini bilmagan yupun, savodsiz dehqonlarga klassik pyesalarni bepul namoyish eta boshladi. “Teatr — kitobdan ko‘tarilib, insoniylashadigan, odamlar bilan gaplashadigan, baqiradigan, yig‘laydigan va umidsizlikka tushadigan she’riyatdir”, degan edi u.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Aynan shu davrda u ispan burjuaziyasining ikkiyuzlamachiligi, ayollarning huquqsizligi va chirkin an’analar ustidan ayovsiz hukm o‘qiydigan pyesalarini yaratdi: “Qonli to‘y” (1932), “Yerma” (1934) va “Bernarda Albaning uyi” (1936).

Biroq Ispaniya osmonida qora bulutlar to‘planayotgan edi. O‘ng qanot fashistik kuchlar mamlakat bo‘ylab nazoratni qo‘lga olishga tayyorlanardi. Ularning nazarida erkin fikrlovchi, ommaga pyesalari orqali so‘zlayotgan Lorka qurollangan armiyadan ham xavfliroq nishon edi. Bundan tashqari, shoir “Ispan jandarmlari haqida romans” she’rida xalqni qonga botirayotgan mutaassib tizim gumashtalarining asl qiyofasini shu qadar aniq va shafqatsiz tasvirlab bergan ediki, buni o‘qigan soqchilar unga o‘lim hukmini allaqachon o‘qib bo‘lishgan bo‘lsa ajab emas:

So‘yib Roza Kamboroning mammalarin jandarmlar, qo‘yib ketar darvozasin tokchasiga laganlarda.

Boshqa qizlar esa qochar, jonholatda qochar voylab — portlab qora atirgullar yashnayotgan mudhish joydan.

Shudgorlarning qatlamiday cho‘kkan chog‘i sopol tomlar, toshday sovuq chehrasini egilgancha to‘sar tong-da.

O, lo‘lilar shahristoni!

Jandarmlar ketar sang‘ib sukunatning shum g‘oridan, qamrab oldi seni yong‘in...

1936-yil iyulida Ispaniyada fuqarolar urushining qonli tegirmoni aylanib ketdi. Ziyolilar, so‘l qanot vakillari va shunchaki erkin fikrli odamlar ko‘chalarda ochiqchasiga otib tashlanardi. Lorkaning do‘stlari va hamkasblari uni Madridda xavfsiz joyda qolishga qancha undashmasin, u tug‘ilib o‘sgan shahri Granadaga qaytdi.

16-avgust kuni uni hibsga olishdi. Shoir fashistik Falanga partiyasi yetakchilaridan bo‘lgan do‘stlari — aka-uka Rosaleslar uyida yashiringaniga qaramay, sobiq deputat Ramon Ruis Alonso boshchiligidagi guruh uni sudrab olib ketdi. Granadada gubernator Valdes “tasodifan” shaharda yo‘q edi. O‘rinbosar, sobiq jandarm Nikolas Velasko Simarro ijroni o‘z qo‘liga oldi. Aynan u shoirning jandarmlar haqidagi qoralovchi she’rlarini hech qachon kechirmagan edi.

Tarixchi Migel Kabaleroning hujjatlarga asoslangan tadqiqotlari shu kungacha sir tutilgan haqiqatni — Lorkani otgan 6 kishilik qotillar brigadasini fosh etdi. Bular shunchaki harbiylar emas, tuzumning qonli ishtahasi bilan sug‘orilgan tubanlar to‘dasi edi: guruh boshlig‘i Mariano Asenxo — qashshoqlikdan qochib jandarm bo‘lgan, minglab qonlarni to‘kkan 53 yoshli odam. Lorka o‘ldirilganidan 13 kun o‘tib, sadoqati uchun serjantlikka ko‘tarilgan.

Antonio Benavides — Lorkaning uzoq qarindoshi! U shoirning “Bernard Alba uyi” asarida o‘z singlisi zolim obrazda, amakivachchasi esa firibgar Pepe-el-Romano sifatida tasvirlanganini kechira olmagan g‘alamis edi. (Keyinchalik qo‘shmachilik ortidan chirib o‘lgan).

Fernando Korrea — yovvoyi yetim, Ispaniya bayrog‘ini qadash ortidan jallodlikka yollangan telba.

Shuningdek, etikdo‘zning o‘g‘li Salvador Varo, qartaqimorga mukkasidan ketgan Antonio Ernandes va to‘dada yagona vijdon azobini tuya olgan Xuan Ximeneslar shoir umriga zomin bo‘lishgan.

Lorka o‘z taqdirini anglab, bir necha she’r ham yozgan. Ulardan birida shunday jumla bor: “... Men tayyorman, ispan dehqonlari yeb tashlasinlar meni”. Rostdan ham uni otganlar chetdan kelgan bosqinchilar emas, mafkura manqurtiga aylangan o‘zining oddiy ispan dehqonlari bo‘ldi.

18-avgustdan 19-avgustga o‘tar kechasi (ayrim manbalarda 17-kuni) yengil kiyimda, sovuqdan dildirab turgan Lorka she’rlarida kuylagan o‘sha qonqardoshlarining miltiq nishonida turardi. U uch nafar respublikachi hamrohi bilan Viznar va Alfakar o‘rtasidagi nomsiz jar qirg‘og‘ida qatl etildi.

Fashist diktator general Franko 40 yil davomida Lorkaning asarlarini taqiqladi, uni otishganini tan olmadi, qatl hujjatlarini yo‘q qilib, o‘limini maishiy mojarolarga bog‘lashga urindi. 1975-yilga kelibgina shoirning xalq tomonida bo‘lgani uchun uni yo‘q qilganini rasman tan olishdi.

XXI asrga kelib Lorkaning jasadi yashiringan qabrni qidirish boshlandi. 2009-yilda Viznar va Alfakar o‘rtasidagi manzil qazilganda, tuproq qatlami atigi 40 santimetr bo‘lib, u yerdan birorta ham suyak, kiyim parchasi yoki o‘q gilzasi topilmadi. Yer shoirni insonlar qo‘liga qaytarishni istamadi chog‘i.

Nima bo‘lganda ham, fashizm mag‘lub bo‘ldi, jallodlar unutildi. Lorka esa mangu barhayot. Chunki rost so‘zni otib o‘ldirib bo‘lmaydi.

U jon berdi…

Askarlar esa

Shosha-pisha ortga qaytdilar,

Sharob ichib mungli qo‘shiqni

Tun sukutin buzib aytdilar.

Bu qo‘shiqda bulutni yorgan

Hilol cho‘qqi uzra porlardi,

Bu qo‘shiq qor ostida yotgan

Chechaklarni bo‘zlab chorlardi.

Bu qo‘shiqda qora kiyingan

Tul kampirlar ertak to‘qirdi,

Ularning oldida ko‘zi ko‘r bola

Zulmat aro kitob o‘qirdi.

Qo‘shiq kuylab,

Tuyib alamni,

Yosh askarlar sarmast edilar,

Shu qo‘shiqni yozgan odamni

Otganlarin bilmas edilar…

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.