Mahalliy

Umra safarini Oʻzbekistondagi diniy maskanlarga tashrif bilan birlashtirish: «Umra plyus » loyihasi qanday ishlaydi?

Toshkentda «Umra plyus» xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashkil etildi. Yangi tuzilmaning asosiy maqsadi Umra ziyoratiga borayotgan xorijlik sayyohlarni Oʻzbekistonga jalb qilish va mamlakatning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda targʻib qilishdan iborat.

Umra safarini Oʻzbekistondagi diniy maskanlarga tashrif bilan uygʻunlashtirish: «Umra plyus» loyihasi qanday amalga oshiriladi?

Assotsiatsiyaning rasmiy ochilish marosimi 29-sentabr kuni Toshkentdagi Azimut Grand Hotel mehmonxonasida boʻlib oʻtdi. Tadbirda Turizm qoʻmitasi va Tashqi ishlar vazirligi vakillari, xorijiy davlatlar elchixonalari hamda diplomatik korpus aʼzolari, turizm sohasi mutaxassislari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.

Assotsiatsiya faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlardan biri Indoneziya, Malayziya va boshqa davlatlardan ziyoratchilarni «Umra plyus» dasturi orqali Oʻzbekistonga jalb etishdan iborat. Bunda Umra safari Oʻzbekistondagi tarixiy va diniy obidalarga tashrif bilan birlashtirilishi rejalashtirilgan.

Dastur doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoroni qamrab oladigan turistik yoʻnalishlar ishlab chiqilishi belgilangan. Hukumat qarorida Malayziya va Indoneziyadan ziyorat turizmi yoʻnalishida 2026–2027-yillarda 100 ming nafar sayyohni jalb etish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Shuningdek, dastur qatnashchilari uchun turistik xizmatlarni rivojlantirish, aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish va xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, Kuala-Lumpurdan Samarqand yoki Buxoro orqali Saudiya Arabistoniga borishni oʻz ichiga olgan yoʻnalishlar ham ko‘rsatilgan.

Mazkur tashabbus amaliyotda ham xalqaro hamkorlik asosida rivojlantirilmoqda. Sentabr oyida Olmaotada «Umra plyus» xalqaro turizm yarmarkasi oʻtkazilib, 2026-yil oxirigacha qariyb 10 ming nafar ziyoratchini Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston va Malayziya turistik tashkilotlari oʻrtasida ham «Umra plyus» dasturi doirasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Unda qoʻshma loyihalar, tajriba almashish va ziyorat turizmi yoʻnalishidagi hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.

«Umra plyus» dasturining oʻzi 2026-yil 9-yanvardagi Vazirlar Mahkamasining 6-son qarori bilan rivojlantirilmoqda. Qarorga muvofiq, 2026-yil yakunigacha dastur asosida Malayziya va Indoneziyadan sayyoh jalb qiluvchi turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya berilishi belgilangan.

Yangi tashkil etilgan assotsiatsiya esa shu yoʻnalishdagi ishlarni xalqaro miqyosda muvofiqlashtirish, xorijiy turistik bozorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekistonni ziyorat turizmining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.