Umarali Rahmonaliyev gol urgan bahsda “Sabah” yirik hisobda g‘alaba qozonib YCHL guruh bosqichiga yo‘l oldi

Umarali Rahmonaliyev gol urgan o‘yinda "Sabah" yirik hisobda g‘alaba qozonib, YCHL guruh bosqichiga yo‘l oldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Umarali Rahmonaliyevning Ozarbayjonning "Sabah" klubi safida UEFA Chempionlar Ligasining asosiy bosqichiga chiqishi rasman tasdiqlandi.
Saralash pley-off bosqichining javob uchrashuvida Ozarbayjon klubi Isroilning "Apoel" jamoasini qo‘shimcha bo‘limlarda 5:2 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 10-daqiqasida Igor Zlatanovich "Apoel"ni hisobda oldinga olib chiqdi. 38-daqiqada Kristian Nvachukvu hisobni tenglashtirdi. 61-daqiqada Gi Mizrahi mehmonlarning ikkinchi golini kiritdi.
74-daqiqada Rahmonaliyev "Sabah"ning ikkinchi golini urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. 90+4-daqiqada Tellur Mutallimov Ozarbayjon jamoasining 3-golini kiritdi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra umumiy hisobni tenglashtirdi — 4:4.
Qo‘shimcha bo‘limlarda "Sabah" yana ikkita gol urdi. 101-daqiqada Orfe Mbina hisobni 4:2 ko‘rinishiga keltirgan bo‘lsa, 115-daqiqada Joy-Lans Mikkels yakuniy natijani o‘rnatdi — 5:2.
"Apoel"ning ikki futbolchisi — 100-daqiqada Jibril Diop, 116-daqiqada esa Eliel Perets qizil kartochka olib maydonni tark etdi.
Jamoalarning Isroilda o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvida "Sabah" 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Shu tariqa, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra ozarbayjonliklar 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, Chempionlar Ligasining asosiy bosqichiga yo‘llanma oldi.
"Sabah" Ozarbayjon tarixida Chempionlar Ligasi saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan ikkinchi klub bo‘ldi. Bungacha "Qorabog‘" ham musobaqaning asosiy bosqichida ishtirok etgan. Mazkur klub 2017/18-yilgi mavsumda turnirning guruh bosqichida, 2025/26-yilgi mavsumda esa liga bosqichida ishtirok etgan.
Bundan tashqari, "Sabah" Ozarbayjonning Yevrokuboklar asosiy bosqichiga chiqqan to‘rtinchi klubiga aylandi. "Qorabog‘"dan tashqari, avvalroq "Neftchi" va "Gabala" ham Yevropa Ligasida ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, YCHL umumiy guruh bosqichiga 27-avgust kuni qur’a tashlanadi.

