Dunyo

“Ularga bu yerda joy yo‘q”: Netanyaxu “NAZA” filmi rejissyorlarini fuqarolikdan mahrum qilmoqchi

“Ularga bu yerda joy yo‘q”: Netanyaxu “NAZA” filmi rejissyorlarini fuqarolikdan mahrum qilmoqchi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat armiyasining G‘azodagi jangovar usullarini tanqid qilgan “NAZA” hujjatli filmi mualliflarini fuqarolikdan mahrum qilishini aytdi. U Isroil davlati va armiyasi obro‘siga putur yetkazganlik uchun tez orada jinoiy ish ochilishini ham ta’kidladi. Bu haqda Netanyaxu 16-sentyabr kungi murojaatida ma’lum qildi.

Siyosatchi Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) askarlariga tuhmat qilganlarga nisbatan og‘ir moliyaviy choralar ko‘rishga va’da berdi. Netanyaxu ko‘rib chiqish uchun ikkita qonun loyihasini taqdim etishini bildirdi. Ulardan birinchisi fuqarolikdan mahrum etishni nazarda tutadi, ikkinchisi esa tuhmatda ayblangan shaxslardan sud qarori asosida undiriladigan kompensatsiya miqdorini oshiradi. Videomurojaatda Netanyaxu “NAZA” rejissyorlari Yuval Abraham va Rahel Shorni bevosita tilga oldi.

“Ularga bu yerda o‘rin yo‘q”, dedi Isroil bosh vaziri. U mazkur ikki qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlanishini kutayotganini aytdi.

Isroil madaniyat vaziri Miki Zohar ham hali prokatga chiqmagan, biroq dunyoda keng muhokama qilinayotgan “NAZA” rejissyorlarini fuqarolikdan mahrum qilishni talab qilgandi.

“Dunyo bo‘ylab antisemitlarning olqishlariga erishish uchun o‘z mamlakatiga zarar yetkazishga tayyor bo‘lgan bu rejissyorlarning o‘z-o‘ziga bo‘lgan nafratini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu davlatga nisbatan xiyonatdir”, deb yozdi Zohar 13-sentyabr kuni X platformasida.

U har ikki rejissyorning Isroil fuqaroligini xiyonat uchun bekor qilish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishini aytdi.

Abraham va Shorning “NAZA” hujjatli filmi 12-sentyabr kuni 83-Venetsiya xalqaro kinofestivalida hakamlar hay’atining maxsus mukofotini qo‘lga kiritdi. Premyera vaqtida film 25 daqiqa davomida tik turib olqishlandi. Film Yevropa Ittifoqi va AQSHda terrorchi tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati tomonidan 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga qilingan yirik hujum bilan boshlanadi.

Filmda Isroil harbiylarining urush olib borish usullari tanqid qilinadi. Abraham Isroil razvedkasining 24 nafar ofitseridan intervyu olgan. Ularning ovozlari raqamli ravishda o‘zgartirilgan, yuzlari esa yashirilgan. Ular G‘azoda nishonlar qanday tanlanishi va tinch aholi orasidagi talofat qanday hisoblanishi haqida gapirgan. SAXAL filmdagi ayblovlarni rad etgan. Armiya film shaxslarning anonim bayonotlariga asoslangani uchun uni tanqid qilgan.

Isroil tomoniga ko‘ra, HAMASning 2023-yil 7-oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumlarida 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan. 250 ga yaqin odam garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Garovga olinganlarning bir qismi keyinchalik asirlar almashinuviga tushgan yoki ozod qilingan.

Isroil bunga javoban HAMASga urush e’lon qilgan. G‘azo sektoridagi quruqlikdagi operatsiya va bombardimonlar davomida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 174 mingdan ortiq kishi yaralangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.