Texnologiya

Ular bizni ogohlantirgandi: sun’iy intellekt va uning ta’siri haqida 10 ta film

Ular bizni ogohlantirgandi: sun’iy intellekt va uning ta’siri haqida 10 ta film

Sun’iy intellekt (SI) hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, kinoijodkorlar bu texnologiyaning imkoniyatlari va xavflari haqida o‘nlab yillar avval gapira boshlagan edilar. Quyida sun’iy intellekt, robotlar va ular bilan bog‘liq kelajakni turlicha tasvirlagan 10 ta film jamlangan.

**“2001: Kosmik odisseya”**

*Davlat:* AQSH, Buyuk Britaniya, 1968-yil

*Janr:* fantastika, triller, drama

*Davomiyligi:* 2 soat 29 daqiqa

*Rejissyor:* Stenli Kubrik

Qadim zamonlarda Yerda paydo bo‘lgan qora monolit insoniyat evolyutsiyasiga turtki beradi. Millionlab yillar o‘tib, Oyda ham shunday monolit topiladi. Uni o‘rganish uchun “Discovery” kosmik kemasi Yupiter tomon yo‘l oladi. Biroq, missiyaga kemadagi HAL 9000 kompyuteri xalaqit berishi mumkin. 1968-yilda Stenli Kubrik tomonidan suratga olingan bu film fantastika janrining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Undagi HAL 9000 inson hayotini hisobga olmaydigan, o‘z maqsadlariga ega aqlli kompyuter sifatida tasvirlangan.

**“Tig‘da yuguruvchi 2049”**

*Davlat:* AQSH, Kanada, Ispaniya, 2017-yil

*Janr:* fantastika, drama, triller

*Davomiyligi:* 2 soat 44 daqiqa

*Rejissyor:* Deni Vilnyov

Rik Dekard g‘oyib bo‘lganidan ko‘p yillar o‘tib, uning izdoshi Kay replikantlarni qidirish bilan shug‘ullanadi. U bo‘sh vaqtini sun’iy intellektga ega gologramma — Joy bilan o‘tkazadi. Navbatdagi topshiriq vaqtida Kay butun replikantlar taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan sirni topadi. Film sun’iy intellektga ega mavjudotning inson uchun qanchalik haqiqiy shaxsga aylanishi mumkinligi haqida o‘ylashga majbur qiladi.

**“U”**

*Davlat:* AQSH, 2013-yil

*Janr:* fantastika, melodrama

*Davomiyligi:* 2 soat 6 daqiqa

*Rejissyor:* Spayk Jonz

Yolg‘izlikdan charchagan yozuvchi Teodor suhbatlasha oladigan sun’iy intellekt dasturini sotib oladi. U ayol ovozini tanlaydi va dastur o‘zini Samanta deb ataydi. Vaqt o‘tishi bilan Teodor virtual yordamchiga oshiq bo‘lib qoladi. Film texnologiyadan qaramlikdan ko‘ra, yolg‘izlik va insonning yaqinlikka bo‘lgan ehtiyoji haqida hikoya qiladi. Qizig‘i, filmda tasvirlangan sun’iy intellekt bilan yaqin munosabatlar bugungi hayotda tobora real tus olmoqda.

**“Mashinadan tashqarida”**

*Davlat:* AQSH, Buyuk Britaniya, 2014-yil

*Janr:* fantastika, drama, triller

*Davomiyligi:* 1 soat 48 daqiqa

*Rejissyor:* Aleks Garland

26 yoshli dasturchi Kaleb kompaniya rahbari Neytanning uyiga taklif qilinadi. U yerda sun’iy intellektga ega Ava ismli android bilan muloqot qilib, unda haqiqiy ong bor-yo‘qligini tekshirishi kerak. Ammo Kaleb Ava’ga ko‘ngil qo‘yadi va uni qutqarishga qaror qiladi. Film tomoshabinni asosiy savol bilan yuzma-yuz qoldiradi: Ava haqiqatan ham ongli mavjudotmi yoki shunchaki mukammal dasturmi?

**“Mitchellar mashinalarga qarshi”**

*Davlat:* AQSH, Kanada, Gonkong, 2021-yil

*Janr:* komediya, fantastika, sarguzasht

*Davomiyligi:* 1 soat 54 daqiqa

Keti Mitchell kino maktabiga o‘qishga kiradi. Ota-onasi esa uni mashinada mamlakat bo‘ylab olib borishga qaror qiladi. Aynan shu paytda texnologik gigant yaratgan PAL sun’iy intellekti odamlar ustidan nazoratni qo‘lga olishga urinadi. Multfilm mashinalarning qo‘zg‘oloni haqidagi odatiy syujetni oilaviy munosabatlar bilan birlashtiradi. Asosiy g‘oya esa insoniy munosabatlar va sovuq texnologik mantiq o‘rtasidagi farqqa qurilgan.

**“Yangilanish”**

*Davlat:* Avstraliya, AQSH, 2018-yil

*Janr:* fantastika, jangari film, triller, detektiv

*Davomiyligi:* 1 soat 40 daqiqa

Grey Treysi va uning rafiqasi avtohalokatga uchragach, ularga jinoyatchilar hujum qiladi. Rafiqasi halok bo‘ladi, Grey esa falaj bo‘lib qoladi. Unga umurtqa pog‘onasiga STЭM nomli sun’iy intellekt chipi o‘rnatiladi. Chip Greyga yana harakatlanish imkonini beradi, ammo zarurat tug‘ilganda uning tanasini boshqarishni ham o‘z qo‘liga oladi. Film sun’iy intellekt inson uchun yordamchiga ham, xavfli kuchga ham aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.

**“Sun’iy ong”**

*Davlat:* AQSH, Buyuk Britaniya, 2001-yil

*Janr:* fantastika, drama, sarguzasht

*Davomiyligi:* 2 soat 26 daqiqa

*Rejissyor:* Stiven Spilberg

XXII asrda Devid ismli android bola bir oilada yashaydi. U ota-onasini sevishga dasturlangan. Ammo oilaning haqiqiy farzandi sog‘ayib qaytgach, ikki bola o‘rtasida raqobat boshlanadi. Film inson tomonidan yaratilgan robotga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi va odamlarning o‘z texnologiyalari oldidagi mas’uliyati haqida savollar beradi.

**“Men, robot”**

*Davlat:* AQSH, Germaniya, 2004-yil

*Janr:* fantastika, jangari film, triller

*Davomiyligi:* 1 soat 55 daqiqa

Kelajakda robotlar insonlar hayotining oddiy qismiga aylangan. Ammo politsiyachi Del Spuner robot ishtirokidagi qotillikni tergov qila boshlaydi. Tez orada u androidlar odamlar o‘ylagandan ancha rivojlanganini tushunadi. Film sun’iy intellekt insoniyatga g‘amxo‘rlik qilishga urinib, aynan shu sababli xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

**“Hamroh”**

*Davlat:* AQSH, 2025-yil

*Janr:* fantastika, triller, komediya

*Davomiyligi:* 1 soat 37 daqiqa

AyRis sevgilisi Josh va uning do‘stlari bilan dam olishga boradi. Ammo qiz aslida inson emas, balki sun’iy intellektga ega robot-hamroh bo‘lib chiqadi. Do‘stlar guruhi undan jinoyat uchun foydalanmoqchi bo‘ladi, biroq AyRis nazoratdan chiqib ketadi. Film texnologiya rivojlanishi bilan inson va sun’iy mavjudot o‘rtasidagi chegaralar qanchalik noziklashishi mumkinligini ko‘rsatadi.

**“Ikki yuz yoshli inson”**

*Davlat:* AQSH, Germaniya, 1999-yil

*Janr:* fantastika, drama

*Davomiyligi:* 2 soat 6 daqiqa

*Rejissyor:* Kris Kolambus

Odamlar uy hayvonlari o‘rniga robotlar sotib ola boshlagan kelajakda Endryu ismli android boshqalardan farq qilishi namoyon bo‘ladi. U ijod qilishga qiziqadi va asta-sekin tashqi ko‘rinishi hamda xatti-harakatlari bilan insonga o‘xshab boradi. Film muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: robotni qachondan boshlab inson deb hisoblash mumkin?

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.