Ukrainaga xayriya qilganlar maʼlumotlari hakerlar qoʻliga tushdi
Nomaʼlum hakerlar Rossiya mustaqil OAV tashkil etgan ikki xayriya loyihasiga kiberhujum uyushtirib, xayriya qilgan ayrim foydalanuvchilarning elektron pochta manzillarini oʻgʻirladi. Loyihalardan biri urushdan jabrlangan ukrainaliklarga, ikkinchisi esa Rossiyadagi siyosiy mahbuslarga yordam toʻplaydi.

Ukrainaga xayriya qilganlarning shaxsiy maʼlumotlari hakerlar qoʻliga tushdi. Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositalari tomonidan tashkil etilgan «Davayte» va «Ty ne odin» xayriya loyihalari kiberhujumga uchradi. Bu haqda har ikki loyiha jamoasi 1-sentabr kuni xabar berdi.
«Davayte» loyihasi urushdan jabrlangan ukrainaliklar uchun xayriya mablagʻlari yigʻadi, «Ty ne odin» marafoni esa Rossiyadagi siyosiy mahbuslarga yordam berishga qaratilgan.
Loyihalar maʼlumotiga koʻra, kiberjinoyatchilar 11-avgust kuni onlayn-auksionlar oʻtkazishda ishlatiladigan WooCommerce xizmati va Stripe toʻlov tizimi integratsiyasi orqali ularning akkauntlariga kirishga muvaffaq boʻlgan.
Hujum natijasida baʼzi xayriya qilgan shaxslarning elektron pochta manzillari oʻgʻirlangan. Ayrim holatlarda bank kartasining oxirgi toʻrtta raqami va kartani chiqargan bank nomi ham hakerlar qoʻliga tushgan. Shundan soʻng maʼlumotlarga ruxsatsiz kirish imkoniyati toʻsib qoʻyilgan.
Loyiha jamoalari toʻliq toʻlov maʼlumotlari kiberjinoyatchilar qoʻliga tushmaganini taʼkidlamoqda. Shuningdek, Stripe tizimida foydalanuvchilar hisoblari bilan bogʻliq firibgarlik operatsiyalari qayd etilmagan.
Hozircha hujumni kim amalga oshirgani aniq emas. Loyihalar jamoalari kiberhujum ortida Rossiya kuch tuzilmalari turishi mumkinligini istisno qilmayapti, ammo bu taxminga dalillar keltirilmagan.
«Davayte» - «Slujba podderjki», «Meduza» va «Dojd» tomonidan tashkil etilgan qoʻshma xayriya loyihasi. Rossiyada mazkur tashkilotlar «nomaqbul tashkilotlar» deb eʼlon qilingan. Loyiha maʼlumotiga koʻra, shu vaqtga qadar 292 ming nafar ukrainalikka yordam koʻrsatilgan.
«Ty ne odin» xayriya marafonini ham shu tashkilotlar, shuningdek, «Mediazona» va Aleksey Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bilan bogʻliq tuzilmalar tashkil etgan. Loyiha hisobotiga koʻra, 2024-yilda marafon Rossiyadagi siyosiy mahbuslarga yordam koʻrsatish uchun 45 million rubldan ziyod – taxminan 448 ming yevro mablagʻ toʻplagan.

