Layfstayl

Ukrainada oshpazlik qilgan, birinchi turmushi o‘xshamagan, 43 yoshida ota bo‘lgan Umid Iskandarov: u nega filmlarda suratga tushmayapti?

Ukrainada oshpazlik qilgan, birinchi turmushi muvaffaqiyatsiz kechgan, 43 yoshida ota bo‘lgan Umid Iskandarov: nega u filmlarda ko‘rinmayapti?

“Farhod va Shirin”, “Zarb” va “Hamroh” filmlaridagi, shuningdek ko‘plab kliplardagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish aktyor Umid Iskandarov 24-sentyabr kuni 46 yoshga to‘ldi. O‘zbek kinosi eng gullagan pallada ijod qilgan, hozir esa san’at maydonida ancha sokinlashgan aktyorning hayoti va ijod yo‘liga bir nazar tashlaymiz.

### “Uchastkavoyning ro‘yxatida turganman”

Umid Iskandarov ijodkorlar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi ham o‘z davrining mashhur ijodkorlaridan biri bo‘lib, uzoq yillar O‘zbekiston teleradiokompaniyasida ishlagan.

— Otam Qurbonali Mahsudxonzoda o‘z davrining mashhur radioboshlovchisi bo‘lgan. U 40 yil O‘zbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritgan. Ovozi juda go‘zal bo‘lgan. Axborotlarni shu qadar chiroyli o‘qirdiki, tomoshabinni maftun etolardi. Oilada uch o‘g‘il bo‘lganimiz uchun uy ishlarida onamga yordamlashardik. Otam o‘qishimizni nazorat qilardi, onam esa uy ishlarini o‘rgatardi. Hatto kiyim dazmollashning ham sir-asrorlarini o‘rgatgan. Bolaligimda nihoyatda sho‘x va o‘yinqaroq bola bo‘lganman. Hatto “uchastkavoy” ro‘yxatida turganman. Tarbiyam yomon tomonga o‘zgarganidan keyin otam rus maktabi bunga aks ta’sir etyapti deb o‘zbek maktabida tahsil olishimni istagan, deydi Umid Iskandarov.

### “Otamning boshqa oilasi bo‘lgan”

Aktyor bolaligida onasiga qiyin bo‘lgani, biroq buning uchun otasidan ranjimaganini ham aytib o‘tdi.

Ular o‘rtasida qanday muammo bo‘lgani menga qorong‘i. Otam onam bilan ajrashgach, boshqa oila qurgan. U oilasidan ikkita qiz farzandi bor. Onam uch o‘g‘il bilan qolgan, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘lgan. Ammo otam hech qachon o‘g‘illariga bee’tibor bo‘lmagan. Singillarimni tan olaman va ularni yaxshi ko‘raman. Otam asli turkistonlik, onam esa samarqandlik bo‘lgan. Bolaligimizda otamning qarindoshlarini ko‘rish uchun Qozog‘istonga tez-tez borib turardik. Shu bois otam bizdan ayro yashaganini hech qachon his qilmaganman. Hayotimda otam ham, onam ham men uchun qadrli, deydi aktyor.

### “Ukrainada bosh oshpaz bo‘lganman”

Odatda aktyorlar bolalikdan san’atga oshno bo‘lishadi. Ammo Umid Iskandarovda bunday qiziqish bo‘lmagan. U aktyor bo‘lishni xayoliga ham keltirmagan.

— Bolalikda ko‘cha hayotiga qiziqadigan bola bo‘lganim uchun otam hunar o‘rganishimni ham istagan. Maktabni tamomlagach, oshpazga shogird tushib, soha sir-asrorlarini o‘rganganman. Tanishlarimning maslahati bilan Ukrainaga ishlashga borganman. Rus tilini bilganim uchun ishga moslashib ketishim qiyin kechmagan. Olti yil deganda restoranda bosh oshpaz mavqeyiga ham erishganman. Ammo musofirchilikda yashash qanchalik qiyin ekanligini yaxshi bilaman. Bir kuni kinokasting haqida eshitib qolganman va shunchaki unda ishtirok etib ko‘rganman. Eng qizig‘i, rolga tasdiqlanganman. Ammo qandaydir sabablarga ko‘ra filmda suratga tusholmay, 25 yoshimda O‘zbekistonga qaytib kelganman, deydi aktyor Umid Iskandarov.

### “25 yoshimda institutga kirganman”

Umid Iskandarov tengqurlariga qaraganda kino olamiga ancha kech kirib kelgan. Biroq xushbichim yigitning mahorati rejissyorlarga ma’qul tushib, uni bosh rollarga taklif qilishgan.

— 25 yoshimda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Televideniye va radio rejissyorligi fakultetiga qabul qilinganman. Uchinchi kursdan boshlab filmlarga taklif qilishgan. 2008-yili “Qasd” nomli filmda suratga tushganman. Ammo u film negadir namoyish etilmagan. Hatto internet tarmoqlarida ham yo‘q, deydi aktyor.

### “Ajrashishimning asosiy sababi — farzandsizlik”

Umid Iskandarov 2009-yildan 2015-yilgacha sermahsul ijod qilgan. Uning nafaqat kinodagi, balki kliplardagi ishtiroki ham tomoshabinlarga manzur bo‘lgan. Ijodi gullagan davrda — 2009-yilda taniqli grim ustasi Renata bilan turmush qurgan. Bir-birini yaxshi tushunadigan juftlikka hamma havas qilardi. Afsuski, 2015-yilda ular ajrashganini ma’lum qilishdi.

— Turmush qurganidan keyin erkak ham, ayol ham ota-ona bo‘lishni istaydi. Renata ham buni orzu qilardi. Farzandli bo‘lsak, hamma ishimni tashlab, u bilan ovora bo‘laman, ko‘p farzandimiz bo‘ladi, derdi. Bo‘lmadi. Biz juda ko‘p harakat qildik. Bormagan joyimiz qolmadi. Oxiri borgan joyimizda hamma gapni yuzimizga aytishdi. Ikkalang ham soppa-sog‘san, shunchaki bir-biringga to‘g‘ri kelmaysizlar. Siz boshqaga uylanib, ayolingiz boshqaga turmushga chiqsa, farzandli bo‘lasizlar, deyishdi. EKU qilgim kelmadi, men bu narsani to‘g‘ri deb bilmadim.

Orada bolalar uyidan bola asrab olishni ham rejalashtirdik. Shu paytda otam tahlil natijalarini bildilar va mehribonlik uyidan oladigan bolaning ota-onasi, nasl-nasabini bilmaysan. Kelinga ket demaymiz, rozi bo‘lsa, seni yana bitta xotinga uylantirib qo‘ysin, dedilar. Lekin qaysi ayol eriga ikkinchi xotin olib berishga rozi bo‘ladi, deydi aktyor.

### “Kuta olganlarga sabr tilayman, ammo bir-birini qiynashdan foyda yo‘q”

Foto: Instagram — Bir necha yillardan beri farzand talabida bo‘lganlar mendan avval ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Bu hayotda duch kelinishi mumkin bo‘lgan holatlardan. Buning yukini ko‘tara olganlar ko‘taradi. Sabr qilolganlarga sabr tilayman. Ochiq-oydin gapiraman, sabr qilolmaydigan, men kabi EKUga rozi bo‘lmaganlarga, hali yosh vaqtida bir-birini qo‘yib yuborishini maslahat beraman. Chunki keyinchalik yoshi o‘tib qolgandan so‘ng ajralib ketishning oqibati bundan-da og‘irroq bo‘lishi mumkin.

Ikkala tomonga ham keyingi hayotini qurishi uchun vaqt bo‘lgani yaxshi. Bu mening shaxsiy fikrim. Bu masalani baribir jiddiy o‘ylash kerak. Yoki zamonaviy tibbiyot bo‘yicha harakat qilishga rozi bo‘lish kerak yoki vaqtliroq ajralish kerak.

Bir-birini qiynab yurishdan foyda yo‘q. Sevgi-muhabbatga ishonaman, lekin tarozi pallasiga real hayotni qo‘yish kerak. Shaxsan mening qadriyatlarimda ota-ona roziligi birinchi o‘rinda turadi.

### “Inson taqdiri Alloh yozganidek bo‘lishini xohlayman”

Aktyor zamonaviy tibbiyot taklifini nega rad etganini ham tushuntirib bergan.

Foto: Instagram — To‘g‘ri, bugungi vaqtga kelib tibbiyot anchayin rivojlandi. Ammo menda bir tushuncha bor. Uni yengib o‘tolmayman. Alloh tomonidan insonga berilgan taqdirni o‘zgartirishni xohlamayman. Hammasi tabiiy jarayonda bo‘lgani yaxshi, deb o‘ylayman. Bolalikdan ulg‘aydingiz, oila qurdingiz va shu tartibda hammasi tabiiy tarzda kechishining tarafdoriman. Tibbiyot yordamida farzandli bo‘lish ham yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘ngil har doim xotirjamlikni xohlaydi. EKU orqali tug‘ilgan farzandning keyingi taqdiri qanday kechishi, hayotiy jarayonlari odatiy insonlardan farqlanishi mumkinligini o‘ylab bu yo‘lni tanlamaganman, deydi u.

### “Maqsadsiz insonga aylanib qolgandim”

Shaxsiy hayotidagi muammolar aktyorning faoliyatiga ham ta’sir qilgan. Hatto uning zararli odatlarga berilgani va ruhiy tushkunlikka tushgani haqida ham gap-so‘zlar tarqalgandi.

— Erkak kishining hayotida shunday paytlar ham bo‘lar ekan. Ma’lum vaqt zararli odatlarga berildim. Gap-so‘zlarga e’tibor bermayman, deganingizda ham ko‘ngilga og‘ir botar ekan. Renata ikkimizning tahlillarimiz ijobiy chiqqan. Shunchaki, bir-birimizga to‘g‘ri kelmaymiz. Ammo odamlar buni noto‘g‘ri talqin qilishdi. Shu bois bir muddat zararli odatlarga berilib, maqsadsiz insonga aylanib qolgandim. Ajrashganimdan so‘ng uzoq yillar uylanmay yurdim. So‘qqa bosh bo‘lib yurganingizda o‘z-o‘zingizni nazorat qilishni yo‘qotib qo‘yar ekansiz. Yaxshiyamki onam bor ekan, “O‘g‘lim o‘zgarib qolyapsan, ayniyapsan, kecha qayerda eding”, deb turadigan. Ular tergab turmasa, misol uchun, bir kun chet elga, bir kun toqqa deb “gullab” ketishingiz mumkin. U yillari uyga faqat uxlagani va kiyimingizni o‘zgartirib ketish uchun kelar ekansiz, degan edi Umid Iskandarov.

### “Ikkinchi marta uylanganman”

8 yillik yolg‘izlikdan so‘ng Umid Iskandarov 2023-yilda ikkinchi bor oila qurgan va 2025-yilda, 43 yoshida ilk bor ota bo‘lgan.

Endi farzandim bor. Bugungi kunda baxtiyor insonlardan biriman. Tajribamda farzandsizlik tufayli o‘tgan qiyin kunlar ham bo‘ldi. Boshida bo‘lib qoladi, degan gap bilan ikki-uch yilni o‘tkazdik. Beshinchi yildan boshlab bunga muammo sifatida qaray boshladik. Chunki endi yurish-turish ham o‘zgarib, hamma narsa boshqacha eshitila boshlangandi. Bu esa orada tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. Oqibatda er-xotin bir-birimiz bilan ko‘p janjallashdik. Janjallashmasdan aqlli yo‘l tutganimizda ham, bir-birimizdan arazlashdik. Ayol kishi nozik bo‘lgani uchun atrofdagi gap-so‘zlar sabab kechalari o‘tirib yig‘laydi. Buyog‘i nasiba degan narsa ham bor, deya gaplariga qo‘shimcha qildi aktyor.

Aktyor ilk bor ota bo‘lgani munosabati bilan 2025-yil iyun oyida o‘g‘li uchun beshik to‘yi o‘tkazdi.

### “Hozirgi ayolimning ota-onasiga rahmat aytaman”

— Sevgi bor narsa. Haqiqatdan ham hozirgi oilamni juda qattiq sevaman, hurmat qilaman. Ayolim oilasini qadrlaydigan va menga farzand tuhfa qilgan inson. Chiroyli tarbiya bergani uchun ota-onasiga rahmat aytaman.

### “Ota bo‘lish eng oliy baxt ekan”

Oilali bo‘lganingizdan so‘ng ishdan kelganingizda bolangiz oldingizga yugurib chiqishi, kunduzi ishda bo‘lgan vaqtingizda qo‘ng‘iroq qilib “dada” deyishlari baxt ekan. Bu baxtni na chet el sayohati, na qimmatbaho uy va na avtomobil beroladi. O‘g‘limning birgina tabassumi men uchun butun dunyo va hayot degani. Mayli, falon joyda hashamatli uyim bo‘lmasin, butun umr shu darajada yashab o‘tay, hammasiga roziman, deydi Umid Iskandarov.

### “Farzandni chiroyli ulg‘aytirish ham muhim masala”

— Bolali bo‘lishingizni kutib yashashingiz bir jarayon bo‘lsa, uni chiroyli tarbiya qilish ham mas’uliyatli vazifa ekan. Chunki hayotda bola bo‘lmay “balo bo‘lgan”larni ham ko‘rganmiz.

Bolaning to‘g‘ri tarbiya topishi er-xotinning munosabatlariga ham bog‘liq. Masalan, ota-onaning bir-birini hurmat qilishi bu jarayonda juda muhim hisoblanadi. Noto‘g‘ri munosabatlar bola tarbiyasiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi, deydi u.

### “Hozir ayollar ChatGPT’ga o‘rganib qolgan”

— Hozir ko‘p ayollar ChatGPT bilan suhbatlashishga o‘rganib qolgan. Misol uchun, ayolim bolada biron o‘zgarish bo‘lsa ham yo men nimadir xato ish qilib qo‘ysam ham sun’iy intellektdan maslahat so‘raydi. Bu odam emas, sun’iy idrok bo‘lsa, internetda mavjud bo‘lgan ma’lumotlardan faktlarni o‘rganib xulosa chiqarib beradi-ku, onasi, deyman unga ham. Hattoki butun dunyo uning ba’zan xato javob berishini tan oldi.

Har bir oilada tushunmovchiliklar, urush-yarashlar bo‘lib turadi. Bunga normal holat sifatida qarayman. Bu gaplarim uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish emas. Bir kuni ayolim mendan arazlab qolganida ChatGPT’ga munosabatlarimiz haqida yozibdi. Sun’iy intellekt esa ayolimga ajrashishni maslahat beribdi. Bilaman, uning maslahatiga kirib qolmaydi, shunday bo‘lsa ham unga “Onasi, bu odam emas, uning gaplari har doim ham to‘g‘ri emas”, deb tushuntirdim, deydi aktyor.

### “Zarracha afsuslanganim yo‘q”

Aktyor nega kinolarda kam ko‘rinib qolganiga ham javob bergan.

— 40 yoshdan oshgan aktyor va aktrisalar ijodda kamnamo bo‘lib qolishadi. Boisi bu yoshda oshiq roliga ham, ota-ona roliga ham mos kelmaydi. Chunki o‘zbek kinosida bosh qahramon rolini ijro etish uchun yosh va chiroyli bo‘lish kerak. Xullas, ana shunday sabablarga ko‘ra ko‘p filmlarda suratga tushmayapman. Keyin avvalgidek ko‘p filmlar ham suratga olinayotgani yo‘q. “101-reys” filmi uch yil davomida suratga olindi. Ammo bu filmda suratga tushganimdan zarracha afsuslanganim yo‘q. Ketgan vaqtga yarasha yaxshi film olindi, deydi aktyor Umid Iskandarov.

### “Bolalikdagi qiziqishim ortib boryapti”

Har bir insonning sevimli mashg‘uloti bo‘lgani kabi, Umid Iskandarovning ham qiziqishlari bor. U mashinalarga oshno.

— Bolaligimdan mashinalarga, ularning tuzilishiga, yangi chiqqan modellariga juda qiziqaman. Orada tashvishlar bilan bo‘lib bu hobbimni biroz unutgan edim. Ammo endi o‘sha qiziqishim yana ortib boryapti. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan mashinalar haqidagi ko‘rsatuvlarni maza qilib tomosha qilyapman, deydi Umid Iskandarov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.