Dunyo

Ukraina Xavfsizlik xizmati va Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari oʻrtasida otishma yuz berdi. Sabab nima?

Kiyevning Dnepr tumanida Ukraina Xavfsizlik xizmati va Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari oʻrtasida otishma sodir boʻldi. Qurolli toʻqnashuv natijasida harbiy razvedkaning kamida uch nafar xizmatchisi oʻqotar quroldan jarohat olgan, ulardan ikki nafarining ahvoli ogʻir. Ichki mojaroga asosiy sabab sifatida «Rossiya koʻngillilar korpusi» komandiri oʻrinbosari Stepan Kaplunovning yashirin tarzda qoʻlga olinishi keltirilyapti.

Ukraina Xavfsizlik xizmati va Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari oʻrtasida otishma yuz berdi. Sababi nima?

**Kaplunovning gʻoyib boʻlishi**

Mojaro «Rossiya koʻngillilar korpusi» Ukraina boʻlinmasi komandiri oʻrinbosari Stepan Kaplunovning gʻoyib boʻlishi ortidan boshlangan. U 23-avgust kuni Kiyevdagi hovlisidan nomaʼlum shaxslar tomonidan olib ketilgan. Bu holat huquqiy jihatdan jiddiy savollarni keltirib chiqargan, chunki jarayon hech qanday protsessual tartibsiz amalga oshirilgan: ushlab turish bayonnomasi tuzilmagan, advokat va tarjimon ishtiroki taʼminlanmagan, gumondorning oʻziga esa rasmiy ayblov qoʻyilmagan. Bir haftadan ortiq vaqt davomida Kaplunovning safdoshlari va advokatiga uning ahvoli haqida aniq maʼlumot berilmagan. «Rossiya koʻngillilar korpusi» (RDK) shtab boshligʻi Aleksandr Fortuna ham bir qator kuchishlatar idoralarga rasmiy soʻrovlar yuborganini, biroq hech biridan aniq javob ololmaganini bildirgan. Keyinchalik hibsdan ozod etilgan Kaplunov Radio NV’ga bergan intervyusida vaziyatni quyidagicha tasvirlagan.

«Meni yerga yotqizishdi, qoʻllarimga kishan taqishdi. Umuman olganda, tergov harakatlari va hibsga olish jarayonlari qanday boʻlishini ozmi-koʻpmi tushunaman. Odatda gumonlanuvchiga qaysi moddalar boʻyicha qanday ayblov qoʻyilgani aytiladi. Bu yerda esa meni shunchaki qora BMW avtomobiliga tiqishdi. Ochigʻini aytganda, bu oʻgʻirlash edi. Shundan soʻng qoʻllarimni kishanlagan, koʻzlarim skotch bilan bogʻlangan holda olib borishdi. Menimcha, bu qandaydir maxsus rejimdagi obyekt yoki, boshqacha aytganda, yashirin qamoqxona boʻlgan. U yerda meni kameraga joylashtirishdi, qoʻllarimni kishan va zanjir bilan bogʻlashdi. Bir necha sutka davomida koʻzlarim ham doim yopiq holda boʻldi», deya taʼkidlagan u.

Keyinchalik Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi (SBU) manbalar Kaplunov Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati bilan ehtimoliy aloqalarda gumon qilinib olib ketilganini maʼlum qilgan.

**Shumskiy koʻchasidagi otishma**

1-sentabrdan 2-sentabrga oʻtar kechasi Ukraina Xavfsizlik xizmatining tezkor-tergov guruhi tintuv oʻtkazish uchun Stepan Kaplunovni yashirincha uning kvartirasiga olib keladi. Qandaydir tarzda bu haqdagi maʼlumot Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) qoʻliga yetib boradi. Kaplunovning ushlab turilishini «oʻgʻrilik» deb baholayotgan GUR xodimlari va «Rossiya koʻngillilar korpusi» harbiylari tezda bu yerga yetib kelishadi. Avvaliga oʻzaro kelishuvga erishilgan boʻlsa-da, keyin vaziyat nazoratdan chiqib ketadi. 2-sentabr tongida yuz bergan otishma oqibatida kamida uch nafar Razvedka boshqarmasi xodimi yaralangan. Ularning ikki nafarining ahvoli ogʻir ekani aytilmoqda. Otishma sabab politsiya yaqin atrofdagi bir nechta koʻchani yopgan. Voqea joyidan olingan suratlarda yaradorlar va yerda qon dogʻlari koʻrinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.