Ukraina Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkilotini «Rossiya osmoni xavfsiz emasligi» haqida rasman ogohlantirdi
Ukraina Infratuzilma vaziri Nikolay Kalashnik Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) bosh kotibi Xuan Karlos Salazar Gomesni Rossiya havo hududida parvoz qilish xavfli ekani haqida ogohlantirdi.

Ukraina Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkilotiga (ICAO) Rossiya havo hududi xavfsiz emasligi haqida rasmiy ogohlantirish yubordi.
"Zerkalo nedeli" nashri tanishgan, Kalashnikning ICAO bosh kotibiga yoʻllagan maktubida aytilishicha, Ukraina oʻz havo hududini 2022-yil fevralida yopgan boʻlsa-da, Rossiya xavflarga eʼtibor bermay, bu bir qator aviahalokatlarga sabab boʻlgan.
Kalashnikning taʼkidlashicha, Ukraina BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq oʻzini himoya qilish boʻyicha ajralmas huquqini amalga oshirgan holda, "Rossiyaning terrorchi havo hujumlariga munosib javob qaytarishga majbur".
"Biz Rossiya tomonidan avj oldirilayotgan keskinlik fonida fuqarolik samolyotlarining Rossiya havo hududida boʻlishi oʻta yuqori xavf tugʻdirishi mumkin, degan tushunchadan kelib chiqmoqdamiz. Shu bois, yuqorida tilga olingan xavf haqida xolis ogohlantirishni oʻzimizning huquqiy va gumanitar burchimiz deb bilamiz", — deyiladi maktubda.
Kalashnik Rossiyada faoliyat yurituvchi "aviatsiya maʼmuriyatlari, aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari va aviakompaniyalarni" fuqarolik aviatsiyasi xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrishga chaqirdi. Xususan, ICAO aʼzolari uchun Rossiya uzra parvozlarni butunlay taqiqlash masalasi koʻtarilgan.
Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga mamlakat Rossiya osmoni xavfsiz emasligi toʻgʻrisida xalqaro tashkilotni rasman xabardor qilganini va parvozlardan tiyilishga chaqirganini tasdiqladi.
"ICAO, barcha aviakompaniyalar va hukumatlarni ehtiyotkor boʻlishga undash uchun ularni xabardor qilish – bizning masʼuliyatli qarorimizdir, hattoki Rossiya ularni ogohlantirish boʻyicha oʻz majburiyatini bajarishdan bosh tortayotgan boʻlsa ham. Biz kutilmagan hodisalarning oldini olmoqchimiz", - deb yozdi Sibiga.
Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oʻzining kechki murojaatida Rossiya osmoni "xavfsiz boʻlmay qolayotgani" haqida ogohlantirgan, chunki "Rossiya osmonida dronlar shunday paydo boʻladiki, bu bilan hisoblashishga toʻgʻri keladi". "Hamkorlarimizni ogohlantiramiz: Rossiya osmonida xavfsiz daqiqalar tugadi", - dedi u.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunga javoban Zelenskiyning soʻzlarini "davlat terrorizmini amalga oshirishga daʼvat" deb atadi. Rossiya Transport vazirligi rahbari mamlakat aviatsiya xizmatlari fuqarolik aviatsiyasi faoliyatida "sezilarli uzilishlarga" yoʻl qoʻymasligini maʼlum qildi.

