Dunyo

Ukraina uchun qurol zavodlari: Rossiya nega xavotirda?

Moskva Yevropada Ukraina uchun qurol ishlab chiqarayotgan korxonalar Rossiyaning harbiy nishoniga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Kun.uz studiyasida tahlilchilar Gʻarbning Kiyevga harbiy koʻmagi va Ukraina mudofaa sanoatining salohiyati oʻsib borayotgani Rossiya uchun nimani anglatishi haqida soʻz yuritdi.

Ukraina uchun qurol zavodlari: Rossiya nega xavotirda?

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Polshada Patriot raketalarini ishlab chiqarish va ularni Ukrainaga yetkazib berish haqidagi savolga javoban shunday dedi: “Yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman, Yevropa mamlakatlaridagi Ukraina uchun qurol ishlab chiqarish zavodlari Rossiya uchun potensial harbiy nishonlar sanaladi”.

Davlatlar bir-biriga qurol-yarogʻni bemalol sotishi mumkin, bu har bir davlatning ichki ishi. Ammo Rossiya nuqtayi nazariga koʻra, bevosita Ukraina fronti uchun maxsus qurollar ishlab chiqarish, buning uchun mutaxassislar tayyorlash, logistika zanjirini yaratish va shunga oʻxshash chuqur taʼminot bogʻliqligini yoʻlga qoʻyish oʻsha davlatni mojaroning toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirokchisiga aylantiradi.

Rossiya nega bunga keskin munosabat bildiryapti? Chunki Ukrainaning yevropalik hamkorlar bilan chuqur harbiy-sanoat hamkorligiga kirishishi urushning choʻzilishiga olib keladi. Ukrainani holdan toydirib, taslim qilishga umid qilayotgan Rossiya esa Ukrainaga yangi kuch kirib kelishiga chidab boʻlmaydi.

Ukraina jahon qurol-yarogʻ bozorida oʻz oʻrniga ega davlat hisoblanadi. U uzoq yillardan beri dunyodagi yetakchi qurol eksportchilari oʻntaligiga yaqinlashib kelmoqda. Sovet Ittifoqidan qolgan harbiy-sanoat bazasi mavjud boʻlib, urush davrida bu salohiyat yanada oshdi. Bugun Ukraina harbiy sanoatiga, ayniqsa, Yaqin Sharq davlatlarining qiziqishi ortib bormoqda. Zelenskiyning oʻzi ham bu yoʻnalishda bir qator tashriflarni amalga oshirdi.

Agar Ukraina hududiga xorijiy harbiy zavodlar koʻchirib kelingan yoki qoʻshma ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan taqdirda, masala faqat qurol-yarogʻ xavfsizligi yoki ishlab chiqarish standartlarida boʻlmaydi. Asosiy masala shundaki, vaqt oʻtishi bilan Ukraina bu texnologiyalarni oʻzlashtirib, qurollarni mustaqil ishlab chiqarishi va ularni xalqaro bozorda sotishi mumkin.

Dunyodagi yirik harbiy-sanoat kompaniyalarining aksariyati, xususan, Yevropa va AQShdagi koʻplab ishlab chiqaruvchilar xususiy biznes asosida ishlaydi. Masalan, Lockheed Martin yoki Boeing kompaniyasining mudofaa yoʻnalishi davlat korxonalari emas, balki xususiy kompaniyalardir. Shu sababli qurol-yarogʻ ishlab chiqarish va eksporti borasida hukumatlarning siyosiy qarorlari bilan kompaniyalarning tijoriy manfaatlari har doim ham toʻliq mos tushavermaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.