Ukraina Rossiya bosib olgan hududlardan yana 14 bolani qaytardi
Xerson viloyatining Rossiya bosib olgan qismidan 6 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 14 bola Ukraina nazoratidagi hududga qaytarildi. Ular toʻrt oʻgʻil va 10 qizdan iborat, deb xabar berdi viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Aleksandr Prokudin.

Ukraina Rossiya bosib olgan hududlardan yana 14 nafar bolani qaytarib oldi. DW xabariga ko‘ra, Prokudin bu haqda 29-sentabr kuni Telegram kanalida ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, qaytarilganlar orasida Rossiya harbiylari harbiy hisobga turishga majburlagan 16 yoshli o‘smir ham bor. Shuningdek, xavf-xatarlarga qaramay, ukrain ta’limini olishga intilgan 17 yoshli qiz ham Ukraina nazoratidagi hududga olib chiqilgan.
Bolalar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Bring Kids Back UA tashabbusi doirasida, Save Ukraine xayriya tashkiloti ko‘magida qaytarilgan.
Prokudinning ma’lum qilishicha, 2026-yil boshidan buyon Xerson viloyatining bosib olingan hududlaridan jami 204 bola Ukraina nazoratidagi hududga olib chiqilgan.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, aprel oyi oxiri holatida ukrain bolalarini Rossiyaga deportatsiya qilish yoki majburan ko‘chirish bilan bog‘liq 20 570 dan ortiq holat tasdiqlangan.
O‘sha paytgacha 2126 bolani qaytarishga muvaffaq bo‘lingan. Bu raqamga Rossiyaga majburan olib ketilganlar, vaqtincha bosib olingan hududlar ichida ko‘chirilganlar, shuningdek, boshqa joyga ko‘chirilmagan, ammo Rossiyaning «qayta tarbiyalash» amaliyotiga duchor bo‘lgan bolalar ham kiritilgan.
DW qayd etishicha, BMTning mustaqil xalqaro komissiyasi ukrain bolalarining noqonuniy deportatsiya qilinishi va ularning Rossiyada uzoq muddat qolishi uchun sharoit yaratilishini insoniyatga qarshi jinoyatlar deb baholagan.
2023-yil martida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Ukraina bosib olingan hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va ko‘chirish bilan bog‘liq harbiy jinoyatlarda gumon qilib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan. Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham shunday order chiqarilgan.
28-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi ukrain bolalarining Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishi munosabati bilan 10 jismoniy va 17 yuridik shaxsga sanksiya joriy etgan. Cheklovlar bolalarni majburan ko‘chirish va assimilyatsiya qilish, jumladan, mafkuraviy ta’sir o‘tkazish hamda harbiylashtirishga mas’ul deb ko‘rsatilgan shaxs va tashkilotlarga qaratilgan.

