Ukraina, NATO va sunʼiy intellekt: Putinning «Valday»dagi asosiy bayonotlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi sessiyasida nutq soʻzlab, Ukraina va NATO haqidagi savollarga javob berdi, sovet hokimiyatining xatolarini sanab oʻtdi va xalqaro muhitning keskinlashuvi haqida ogohlantirdi.

Ukraina, NATO va sunʼiy intellekt: Putinning «Valday»dagi asosiy bayonotlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1-oktabr kuni «Rossiya» milliy markazida «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi sessiyasida chiqish qildi.
U xalqaro vaziyatning keskinlashuvi hamda sunʼiy intellekt rivojlanishidan kelib chiqadigan xavflar haqida ogohlantirdi, NATOga yuborilgan xatlarning mazmunini izohladi va qurolli qarama-qarshilik qoidalari masalasini ko‘tarishga chaqirdi.
Putin nutqini «ko‘pgina eski huquq normalari bekor qilingan, yangilari esa hali paydo bo‘lmagan» sharoitda global tinchlik va xavfsizlikni saqlashga chaqiriq bilan boshladi. Uning aytishicha, o‘zgarishlar barcha yo‘nalishlarda, jumladan texnologiyalar, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, harbiy soha, umumiy raqamlashtirish va iqtisodiyotda yuz bermoqda.
«Ertami-kechmi xalqaro vaziyat va tizim qandaydir barqaror muvozanat holatiga keladi. Albatta, bu murakkab, ko‘p omilli, ko‘p qatlamli jarayon bo‘lib, o‘zaro murosa va bir-biriga qarab harakat etishni talab qiladi. Biroq, dunyoda qanday ssenariy amalga oshmasin, xalqaro mojarolarning davom etishi ehtimoli yuqori. Xususan, yuz berayotgan tub o‘zgarishlar va bu borada ochilayotgan imkoniyatlar yirik bo‘lib tuyulgan yutuq uchun tavakkal qilishga tayyorlikni va ambitsiyalarni rag‘batlantirayotgani, oziqlantirayotgani sababli ham shunday. Bu bahoda yanglishishni istardim, ammo bugungi kunning barqaror tendensiyalari, afsuski, aynan shunday» - dedi u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ongli ravishda «qo‘lida qurol bilan o‘zini himoya qilishga» va «tajovuzga javob berishga» majbur bo‘lgan vaziyatga qo‘yilgan.
«Bilaman, albatta, ekspertlar hamjamiyatining bir qismida savol tug‘iladi: mana, Rossiya tinchlik haqida gapiradi, o‘zi esa urushni boshladi. Xo‘sh, men bu haqda ko‘p marta gapirganman, har holda bunday yig‘ilishda yana bir marta aytaman: haqiqat qayerda? Haqiqat shundaki, biz urushni xohlamadik va biz urushni boshlamadik, balki biz bilan urushni boshladilar» - dedi u.
«Kuch bor - aql kerak emas» tamoyili ba’zi jahon o‘yinchilari uchun ustuvordek ko‘rinadi, ammo bu hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.

