Ukraina Moskva aeroportlariga dronlar bilan hujum qilishni rejalashtirgan — OAV

Ukraina Moskva aeroportlariga dron hujumlarini amalga oshirishni rejalashtirgan, ammo bu reja keyinchalik to‘xtatilgan. Bu haqda The Atlantic nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yil boshida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Moskva aeroportlariga minglab dronlar bilan zarba berish taklif qilingan. Reja Moskva va uning atrofidagi aeroportlarga kuniga 1000 tagacha dron uchirishni nazarda tutgan. Ushbu dronlar sun’iy intellekt tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, operator ishtirokisiz nishonlarni topishi va urishi rejalashtirilgan edi.
Reja bilan tanish bo‘lgan amaldorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, g‘oya Moskva havo hududini fuqaro reyslari uchun uzoq muddatga yopishdan iborat bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, Zelenskiyga qishda bu reja taqdim etilganda, u jiddiy xavotir bildirgan. Prezident dronlar Moskvadagi fuqaro samolyotiga urilishi, ayniqsa, yo‘lovchilar, aeroport xodimlari yoki ekipaj a’zolari halok bo‘lishi yoki jarohat olishidan qo‘rqqan.
Shunga qaramay, Zelenskiy bahorda va yozning boshida bir necha oy davomida ushbu zarbalarga tayyorgarlik ko‘rishga ruxsat bergan. Bu orqali Rossiyaga bosim o‘tkazib, uni tinchlik muzokaralariga qaytarish ko‘zlangan.
Bahor o‘rtalariga kelib, maxfiy operatsiya ancha oldinga siljigan va unga "M&M’s" nomi berilgan. Biroq, iyul oyida Zelenskiy "operatsiyaning bosh tashkilotchisi" bo‘lgan mudofaa vaziri Mixail Fedorovni ishdan bo‘shatganidan so‘ng, operatsiyani rejalashtirish to‘xtatilgan.
The Atlantic manbalariga tayanib, Fedorov 2026-yil davomida reja ustida ishlagan va sun’iy intellektga asoslangan tizimlarni ishlab chiqish uchun ukrainalik dasturchilar jamoasini to‘plagan. Bundan tashqari, u avtonom dronlarni ommaviy ishlab chiqarish uchun Yevropadagi Ukraina hamkorlaridan moliyalashtirishni ta’minlagan.
Manbalardan biri Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Yevgeniy Xmara rejani davom ettirishiga umid bildirdi. "Urinib ko‘ramiz. Texnik jihatdan buni amalga oshirish mumkin. Bu loyihani yangi jamoa bilan qayta boshlash mumkin, taxminan uch oy vaqt oladi", dedi manba.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti ofisi rasmiysi o‘z munosabatida bunday reja mavjudligini rad etdi. Ismi oshkor etilmagan rasmiy: "Bu butunlay safsata", deya ta’kidladi.

