Dunyo

Ukraina ilk bor «Yandeks»ga hujum qildi

Zarba kompaniyaning ikkita superkompyuteri joylashgan data-markaz boʻylab yoʻllangan.

Ukraina ilk bor «Yandeks»ga zarba berdi

8-oktabrga oʻtar kechasi ukrain dronlari hujumi oqibatida «Yandeks» kompaniyasining Ryazan oblasti Sasovo shahridagi data-markazida kuchli yongʻin yuz berdi.

Kompaniya data-markaz hududida xizmatlar faoliyatiga taʼsir qilgan «hodisa» sodir boʻlganini tasdiqlab, shu sabab ayrim xizmatlar vaqtincha ishlamasligi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Yongʻin tongda oʻchirildi, jabrlanganlar yoʻq. Data-markaz faoliyati tiklandi.

Foydalanuvchilar allaqachon «Yandeks» ishida nosozliklar haqida shikoyat qila boshlagan. Xususan, Yandex Cloud asosiy xizmati hamda unga bogʻlangan «Yandeks.Disk» va «Yandeks.Dokumenti»da muammolar kuzatilayotgani aytilmoqda.

Moskva birjasi maʼlumotlariga koʻra, zarba fonida Rossiyadagi yetakchi IT-kompaniyalardan biri hisoblangan «Yandeks» aksiyalari narxi 3 foizdan koʻproqqa tushgan.

Zarba «Sasta» stanoksozlik zavodi hududiga berilgan. Ryazan oblasti maʼmuriyati zavod nomini tilga olmagan holda, Ukraina hujumidan keyin «korxonalardan birining tom qismi yonib ketgani»ni maʼlum qilgan.

«Sasta» zavodida quvur kesuvchi dastgohlar ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlari eksport qilinadi, shuningdek, Rossiyadagi mashinasozlik korxonalariga yetkazib beriladi. Astra nashri maʼlumotiga koʻra, «Sasta» mudofaa korxonalari ishlab chiqarish bazasini ham oʻz mahsulotlari bilan taʼminlaydi. Zavod gʻarbdagi bir qator davlatlar tomonidan sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan.

«Yandeks» data-markazi 2014-yildan beri «Sasta»ning sobiq binolaridan birida faoliyat yuritadi. Sentabr oyida markaz xodimlari aynan Sasovoda ishlayotgani aks etgan videoda koʻrinish bergan edi.

Kompaniyaning neyrosetlarni oʻrgatishda foydalaniladigan uchta superkompyuteridan ikkitasi Sasovodagi markazda joylashgan. Gap «Lyapunov» va «Chervonenkis» superkompyuterlari haqida ketmoqda. T-Invariant nashri yozishicha, «Chervonenkis» kompaniya superhisoblagichlari orasida eng unumlisidir. 2021-yilda u jahondagi Top-500 superkompyuter orasida 19-oʻrinda qayd etilgan. Biroq keyinchalik sanksiyalar sabab infratuzilmani yangilashdagi qiyinchiliklar tufayli reytingda ikkinchi yuztalikka tushib ketgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.