Ukraina elchisi Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi
Avvalroq Qora dengizda Turkiya kemalariga hujum qilingandi.

Ukrainaning Anqaradagi elchisi Narimon Jalol Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu chaqiruvga Qora dengizda Turkiya kemasi va unga yordamga kelgan boshqa bir kemaga qilingan hujum sabab bo‘ldi.
Xabarlarga ko‘ra, 26-27-avgust kunlari Tuapse qirg‘og‘i yaqinida "Lider Bordo Mavi" va "Lider Kocatepe" kemalariga hujum uyushtirilgan.
Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Turkiyaning ushbu hujumlarga nisbatan pozitsiyasi bayon etilgan. Shuningdek, Qora dengizda insonlar, mol-mulk, kemalar harakati va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash zarurligi haqida ogohlantirishlar berilgan.
26-avgustga o‘tar kechasi Tuapse sohilida dronlar "Lider Bordo Mavi" nomli turk yuk kemasiga hujum qilgan. Haber Trabzon nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, kema bortida yong‘in kelib chiqqan va ekipajning besh nafar a’zosi jarohatlangan.

