Ukraina dronlari Novorossiysk portiga yoppasiga hujum qildi
Zarbadan keyin port «mashg‘ulotlar» bahonasida yopilgan. «Endi Qora dengiz floti qayoqqa qochishi savol ostida», – deyishmoqda Z-kanallar.

12-avgustga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Novorossiysk portidagi Rossiya harbiy-dengiz flotining bazasiga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ushbu hujumdan so‘ng, 13-avgust kuni port "mashg‘ulotlar davrida" yopilishi e’lon qilindi. "Interfaks" xabariga ko‘ra, port akvatoriyasida kemalar va boshqa suzish vositalarining harakatlanishi 14-avgustdan boshlab taqiqlanadi.
Sevastopol akvatoriyasining Ukraina qurolli kuchlari tomonidan muntazam o‘qqa tutilishi sababli Novorossiysk Rossiya Qora dengiz floti kemalari uchun asosiy joylashuv nuqtasiga aylangan edi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12-avgust oqshomidagi bayonotida ushbu hujumda "Palyanitsa" reaktiv dronlari, "Neptun" raketalari va suvosti dronlari ishlatilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Havo hujumidan mudofaa pozitsiyalari, prichallar va dengiz porti infratuzilmasiga zarba berilgani tasdiqlandi". Zelenskiy turli qurollar ishtirokidagi bunday kombinatsiyalangan hujum ilk bor amalga oshirilganini ta’kidladi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi zarbalar natijasida "Admiral Makarov" va "Admiral Essen" fregatlari, "Buyan-M" kichik raketa kemasi hamda "Vasil Bikov" patrul kemasi shikastlanganini tasdiqladi.
Ukraina mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmara hujumga izoh berar ekan, Ukraina qurolli kuchlari "Rossiya harbiy mashinasini ishdan chiqargani"ni aytdi. U ham Zelenskiy kabi bu amaliyotni "noyob" deb atadi va "Kombinatsiyalangan zarba raketalar, reaktiv dronlar va suvosti dronlari orqali berildi", deb qayd etdi.
Ukraina razvedka boshqarmasi esa zarbalar oqibatida "Grushovaya" neft bazasi infratuzilmalari hamda Rossiyaning Qora dengizdagi eng yirik terminali bo‘lgan "Shesxaris" neft quyish terminali aniq nishonga olinganini ma’lum qildi.
Hujum oqibatlari Vantor kompaniyasi tomonidan olingan tezkor sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida aks etdi. Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan "Harbiy darakchi" telegram-kanali kadrlarda "Admiral Essen" va "Admiral Makarov" kemalari zarbaga uchraganini ko‘rish mumkinligini, ammo shikastlanish darajasini aniqlab bo‘lmasligini qayd etdi. Shuningdek, g‘alla terminali infratuzilmasi, neft quyiladigan prichaldagi tanker va non mahsulotlari kombinati binolarida zarba izlari ko‘rinib turadi.
"Kemalar muntazam zarbalar tufayli Qrimdan Novorossiyskka olib chiqilgandi, katta savol shuki, Qora dengiz floti endi qayoqqa qochishi kerak?" – deya qayd etadi "Harbiy darakchi" muallifi.
Reuters agentligi sohadagi manbalarga tayanib yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari hujumlari natijasida Rossiyaning ikkita eng yirik g‘alla terminali o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Shikastlanish ko‘lami va ishni qayta tiklash muddati hozircha noma’lum. Tahlilchilar iyul oyidayoq Ukraina dronlarining hujumlari yaqin kelajakda Qora dengiz orqali don eksportini to‘xtatib qo‘yishi – bu esa Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida narxlar ko‘tarilishiga va ocharchilik xavfiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

