Dunyo

Ukraina Donetsk oblastida qarshi hujum amaliyoti oʻtkazmoqda

Bu amaliyotga «Vivaldi» nomi berilgan.

Ukraina Donetsk oblastida qarshi hujum olib bormoqda

Ukraina quruqlik qoʻshinlari Uchinchi armiya korpusi qoʻmondonligi ukrain harbiylari Donetsk oblastining shimoliy qismida qarshi hujum amaliyoti oʻtkazayotganini maʼlum qildi. Bu haqda korpus qoʻmondoni, brigada generali Andrey Biletskiy maxsus videomurojaatda xabar berdi.

Ukraina qurolli kuchlari ushbu operatsiyaga «Vivaldi» nomini bergan. Biletskiyning aytishicha, mazkur yurish doirasida Uchinchi korpus Liman yoʻnalishidagi bir qator aholi punktlarini – Novoselovka, Aleksandrovka, Yarovaya, Korove Yar atroflarini «infiltratsiyadan tozalagan», shuningdek, Sredneye ozod qilingan. Umuman olganda, Ukraina qurolli kuchlari 75 kilometr kvadrat hududni tozalagan va yana 10 kilometr kvadrat maydonni Rossiya qoʻshinlaridan ozod qilgan, shuningdek, «Rossiya Federatsiyasining 20 va 25-armiyalarining jangovar qobiliyatiga qaqshatqich zarba bergan».

Biletskiy operatsiyaning ushbu bosqichida Rossiya qoʻshinlari bir yarim mingga yaqin askar (yaradorlar bilan qoʻshib hisoblangan boʻlishi mumkin), 12 mingdan ortiq dron, yuzlab zirhli texnikalar, artilleriya tizimlari va avtomobil texnikalarini yoʻqotganini aytdi. Shuningdek, uning soʻzlariga koʻra, Ukraina dronlari dushmanning logistika yoʻllarini kesib qoʻygan.

«Ochiq manbalarda hozirda hujum harakatlarimizning pirovard maqsadi – Cherniy Jerebets daryosi qirgʻoqlariga chiqish ekani haqida koʻplab maʼlumotlar bor. Lekin bizning operatsiyamiz „Vivaldi“ deb nomlangan. Vivaldi esa, maʼlumki, toʻrt mavsumdan iborat. Va bu – hali birinchi mavsum», – degan Uchinchi korpus qoʻmondoni.

Biletskiy «axboriy sukunat rejimi»ga rioya qilishga chaqirib, rasmiy manbalarda amaliyot haqida hisobot berib borilishini vaʼda qilgan. Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi qarshi hujum amaliyoti bir necha oydan beri davom etmoqda, biroq bungacha bu haqda rasman maʼlum qilinmagandi. Ushbu amaliyotning yakuniy maqsadi ham nomaʼlum.

Liman – RF tomonidan ishgʻol etilgan Donetsk shahridan taxminan yuz kilometr shimolda joylashgan strategik ahamiyatga ega shahar hisoblanadi. Rossiya qoʻshini 2022-yil mayida ushbu shaharni egallab olgandi, ammo Ukraina qurolli kuchlari oʻsha yil oktabridayoq shahar ustidan nazoratni qaytarib olgan. 2026-yil yozi boshida RF qoʻshinlari Limanni yana shturm bilan egallashga uringan, biroq bunga erisha olmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.