Ukraina asirdagi shimoliy koreyalik harbiylarni Janubiy Koreyaga topshirdi

Ukraina asirga olingan shimoliy koreyalik harbiylarni Janubiy Koreyaga topshirdi
Ukraina Rossiya tomonida jang qilgan ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirni Janubiy Koreyaga yubordi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida ma’lum qildi.
“Yaqinda biz KXDRning ikki nafar harbiy asirini Koreya Respublikasiga topshirdik”, dedi Zelenskiy.
U asirlardan biri qo‘lga olinishi mumkinligini anglab, o‘z joniga qasd qilishga uringanini ham qo‘shimcha qildi.
“Ulardan biri asirga tushishini anglagach, o‘z joniga qasd qilishga urindi. U taqdir uni o‘limdan saqlab qolganidan hayratda qoldi”, dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina harbiylari bu ikki askarni 2025-yil yanvarida Rossiyaning Kursk viloyatida asirga olgan. Ular 2024-yilda KXDR urushga qo‘shilganidan beri tiriklayin ushlangan ilk shimoliy koreyalik harbiylar bo‘lgan.
Dastlab Zelenskiy ularni Rossiyadagi ukrainalik asirlarga almashtirish uchun Kim Chen Inga topshirishga tayyorligini bildirgan. Biroq huquqshunoslar askarlarni KXDRga qaytarish ularning hayoti uchun xavfli ekanini aytgan. Janubiy Koreya OAV xabariga ko‘ra, asirlarning o‘zlari ham Janubiy Koreyaga o‘tish istagini bildirgan.
Janubiy Koreya parlamenti deputati Yu Yong Vonning ma’lum qilishicha, asirlar o‘tgan dam olish kunlarida Ukrainadan chiqqan. Ular uchinchi davlat orqali Janubiy Koreyaga uch-to‘rt kun oldin yetib kelgan.
“Ularning aniq qayerdaligi oshkor etilmayapti. Razvedka xizmatimiz ularni xavfsiz joyda saqlamoqda”, dedi deputat.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu ma’lumotni rasman tasdiqlamadi.
Zelenskiy o‘z nutqida KXDR rahbariyatini keskin tanqid qildi.
“Bu shunchaki ahmoqlik. Nega koreyaliklar Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lishi kerak? Kim Chen In ulardan pul o‘rnida foydalanmoqda”, dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina va Janubiy Koreya hisob-kitoblariga ko‘ra, KXDR 2024-yildan beri Rossiyaga 14–15 ming atrofida harbiy yuborgan. Ularning aksariyati Kursk viloyatida jang qilmoqda. Shuningdek, Shimoliy Koreya Moskvaga millionlab artilleriya snaryadlari va raketalar yetkazib bergan.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qarshi urushda qo‘llaniladigan dronlarni yig‘ishga 25 ming nafargacha Shimoliy Koreya fuqarosini jalb qilgani haqida xabar berilgandi. Bu haqda AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlar tomonidan tuzilgan Sanksiyalar monitoringi bo‘yicha ko‘p tomonlama guruh (MSMT) ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya KXDR fuqarolarini harbiy dronlar ishlab chiqarishga tobora faolroq jalb qilmoqda. Bunday hamkorlik Pxenyanni noqonuniy qurol ishlab chiqarish dasturlarini moliyalashtirish uchun muhim daromad manbai bilan ta’minlaydi, deyiladi hisobotda.

