Ukraina armiyasiga internet yetkazgan Starlink stansiyasiga oʻt qoʻyishda gumonlanganlar ushlandi
Germaniyada Polsha hududidagi Starlink sunʼiy yoʻldosh interneti stansiyasiga oʻt qoʻyishda gumonlanayotgan ikki Turkiya fuqarosi ushlandi. Berlinda esa ularga yordam bergan boʻlishi mumkin boʻlgan yana bir shaxs qoʻlga olindi. Bild maʼlumotiga koʻra, mazkur stansiya Ukraina Qurolli kuchlarini ham internet bilan taʼminlagan.

Ukraina armiyasiga internet uzatgan Starlink stansiyasiga oʻt qoʻyishda gumon qilinganlar qoʻlga olindi
DW xabariga koʻra, Polsha bosh vaziri Donald Tusk 12-oktabr kuni X ijtimoiy tarmogʻida ikki gumonlanuvchining Germaniyada ushlanganini maʼlum qilgan.
Tusk Mazoviya voyevodaligida joylashgan Starlink stansiyasiga oʻt qoʻyilishini «gibrid urushning yana bir akti» deb atagan. Uning aytishicha, gumonlanuvchilar Polsha sudi oldida javob beradi.
Polsha ichki ishlar vaziri Marchin Kervinskiy esa ularga xorijiy davlat topshirigʻiga binoan qoʻporuvchilik sodir etish boʻyicha ayblov qoʻyilishini bildirgan.
Bild va Schwäbische Zeitung nashrlarining yozishicha, ikki Turkiya fuqarosi Germaniyaning Baden-Vyurtemberg federal yeridagi Nyurtingen shahrida qoʻlga olingan. Bu shahar Shtutgartdan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Schwäbische Zeitung ushlanganlarning ismlarini Muslim T. va Umit Ye. deb keltirgan.
Bild maʼlumotiga koʻra, 12-oktabr kuni Germaniya politsiyasining maxsus boʻlinmasi Berlinning Shtaken hududida ularning ehtimoliy sherigini ham ushlagan. Uning Mercedes avtomobili kriminalistik ekspertizadan oʻtkazilgan. Nashr yozishicha, mazkur shaxs gumonlanuvchilarga haydovchilik qilgan boʻlishi mumkin.
Varshava yaqinidagi Starlink yer usti stansiyasi 23-sentabr kuni oʻt qoʻyilishi oqibatida zararlangan. Yongʻin elektr podstansiyasi va generatorni qamrab olgan.
Bild xabariga koʻra, stansiya qisqa muddat ishlashdan toʻxtagan, keyin esa faoliyatini tiklagan. Hodisada hech kim jarohatlanmagan.
Polsha rasmiylari yongʻindan soʻng voqeani qoʻporuvchilikka urinish deb baholagan.
Bild hujum ortida Rossiya turgan boʻlishi mumkinligi haqida yozgan. Biroq manbada qayd etilishicha, Rossiyaning oʻt qoʻyishga aloqadorligini tasdiqlovchi bevosita dalillar hozircha yoʻq.
Polsha bosh vaziri oʻrinbosari Kshishtof Gavkovskiy 23-sentabr kuni hodisaning koʻplab belgilari Rossiyaning hujumlarni amalga oshirish boʻyicha yangi doktrinasiga mos kelishini aytgan.

