Mahalliy

Uklon taksi xizmati Farg‘ona vodiysining beshta shahrida ishga tushiriladi

Uklon taksi xizmati Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijonda ish boshlaydi. Jarayon 5-avgustdan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab ilovaga haydovchilar ulanadi, shundan so‘ng u taksi va yetkazib berish xizmati uchun ochiladi.

Uklon taksi xizmati Farg‘ona vodiysining beshta shahrida faoliyatini boshlaydi.

Uklon onlayn taksi chaqirish xizmati 5-avgustdan boshlab Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijon shaharlarida ishga tushiriladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Gazeta nashriga ma’lum qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, ishga tushirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: dastlabki bosqichda haydovchilar tizimga ulanadi, shundan so‘ng xizmat yo‘lovchi tashish va yetkazib berish buyurtmalari uchun ochiq bo‘ladi.

Uklon Uzbekistan bosh menejeri Eduard Kovtun ta’kidlashicha, "Farg‘ona vodiysiga kirib borish O‘zbekistondagi mintaqaviy rivojlanishimizning muhim bosqichidir. Bu hududda bir nechta yirik shaharlar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lib, ular o‘rtasida doimiy harakatchanlik mavjud".

Haydovchilar Uklon Driver ilovasi orqali platformaga mustaqil ravishda ulanishlari mumkin. Yil oxirigacha ular uchun kamaytirilgan komissiya stavkasi amal qiladi.

Foydalanuvchilar uchun Qo‘qon va Namanganda "Layt" va "Komfort" tariflari, Andijon, Farg‘ona va Marg‘ilonda esa "Layt", "Komfort" va "Tezkor qidiruv" tariflari mavjud bo‘ladi. Shuningdek, ular Uklon’ning 24/7 qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Uklon — Ukrainaning mahsulot ishlab chiqaruvchi IT kompaniyasi. 2025-yilning aprel oyidan beri kompaniya korporativ huquqlarining 97 foizi Ukrainadagi eng yirik elektron kommunikatsiya operatori Kyivstar’ga tegishli. Uklon O‘zbekistonda 2023-yilning iyun oyidan buyon faoliyat yuritmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Toshkentda xizmat foydalanuvchilari 15 milliondan ortiq safarni amalga oshirgan.