Uitkoff Ukraina bilan muzokara vaqtida Putin bilan gaplashib kelgan – NYT
Amerikaning New York Times nashri juma kuni Amerika siyosatida sodir boʻlgan qiziq insayd bilan boʻlishdi. Aynan oʻsha kuni Tramp va Putin telefon suhbati chogʻida dizel kelishuviga erishgandi. Maʼlum boʻlishicha, xuddi shu vaqt Trampning doʻsti Stiv Uitkoffga tegishli Mayamidagi golf-klubda katta muzokara oʻtkazilayotgan boʻlgan va ...

Uitkoff Ukraina bilan muzokara paytida Putin bilan gaplashib kelgan – NYT
Tramp Putin bilan dizel bo‘yicha kelishayotgan paytda AQSH, Ukraina va Yevropa vakillari uchrashuv o‘tkazayotgan edi. Ukrainlar o‘z taklifini, yevropaliklar esa o‘z taklifini bildirgan paytda, butun Amerika nomidan gapirish vakolatiga ega bo‘lgan Uitkoff «Shoshmay turing, janoblar, men hozir kelaman», deb xonadan chiqib ketgan va qayerga borgani ma’lum bo‘ldi: Putin nima deyayotganini eshitish uchun uning Tramp bilan suhbatiga uchinchi odam bo‘lib qo‘shilgan!
Butun insoniyat hayotiga ta’sir qiladigan masala muhokamasi biror rasmiy idorada ham, mahalliy hokimlik binosida ham emas, Mayamidagi xususiy golf-klubda o‘tkazilgan. Ishonish qiyin, ammo dunyodagi eng qudratli davlat AQSH diplomatiyasi hozir ana shunday ko‘rinishda.
«Razvedkadagi manbalaridan» insayd xabarlar ulashishni yaxshi ko‘radigan New York Times gazetasining yozishicha, juma kuni Mayamidagi mister Uitkoffga tegishli golf-klubda AQSH, Ukraina va Yevropa vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. AQSH nomidan, tabiiyki, Trampning do‘sti Uitkoff va yahudiy kuyovi Kushner qatnashgan. Yevropa nomidan esa Olmoniya, Fransiya va Britaniya liderlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATOdan ham yuqori martabali mulozimlar bo‘lgan.
Uchrashuv davomida ukrainaliklar urushni tugatish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan, yevropaliklar ham tayyorlab kelgan rejasini aytgan. Shu payt mister Uitkoff mehmonlardan uzr so‘rab xonani tark etgan. Suhbat 6 soatga cho‘zilgan, Uitkoff 70 ga kiryapti, qayerga ketgani aniq-ku, deyishga shoshilmang, gap siz o‘ylagan tanaffus haqida emas. Muzokarachilar rahbari Rossiya prezidenti Putin nima deyishini eshitish uchun uning Tramp bilan suhbatiga uchinchi odam bo‘lib qo‘shilgan.
NYT bergan xabardan Tramp ham golf-klubda bo‘lgan, deb o‘ylash mumkin, lekin aslida bunday bo‘lmagan. Uitkoffni Mayamidan turib Oq uydagi Tramp va Kremldagi Putin o‘rtasidagi suhbatga onlayn ulashgan. Zo‘r-a, dunyodagi ikki qudratli kabinetdan turib o‘tkazilayotgan suhbatga Mayamidagi golf-klubdan uchinchi odamni konferensiya qilib qo‘shishgan. Xuddi o‘n yillar avval mobil aloqa endi rivojlanayotganda sinfdoshlar suhbatiga bir-birlarini qo‘shgani kabi.
Putin va Tramp bir futbol o‘yini vaqtida gaplashgan. Amerika «Zelenskiyning dodini berish uchun» Rossiyadan dizel sotib olishi bo‘yicha kelishgan. Uitkoff bularning barchasini eshitib, boyagi xonaga qaytgan va «Janoblar, mana shunday kelishuv bo‘ldi, Rossiyadan sanksiyalar olib tashlandi, biz endi ulardan «solyarka» olamiz», degan. Ukraina delegatsiyasi bu gapni eshitganda qanday ahvolga tushganini tasavvur qilavering.

