Uill Smit 58 yoshda: 18 yoshida millioner bo‘lgan, “Oskar”dagi janjaldan so‘ng ishsiz qolgan aktyorning hayot yo‘li

Uill Smit 58 yoshda: 18 yoshida millionerga aylangan, “Oskar”dagi mojaro ortidan ishsiz qolgan aktyorning hayot yo‘li
Aktyor Uill Smit bugun, 25-sentyabr kuni 58 yoshga kirdi. U iste’dodli, chiroyli, mehnatkash va ayollar orasida sevimli aktyor sifatida tanilgan.
Uill Smitning bolaligi Filadelfiyada joylashgan, tarixiy va madaniy jihatdan boy shaharchada o‘tgan. Bu yerda amerikaliklar, irlandlar, osiyoliklar va afroamerikaliklar yonma-yon yashagan. Aynan shu joyda 12 yoshli Uillda repga qiziqish paydo bo‘ladi va u shou-biznesning yirik markazlaridan biri bo‘lgan Los Anjelesga yo‘l oladi.
Uning musiqa olamiga kirishiga yosh reper Jeff Tauns bilan tanishuvi sabab bo‘lgan. Do‘stlar tungi klublarda ishlashar, kunduzlari esa qo‘shiq yozishardi. Tauns va Smitning qat’iyati hamda so‘kinishlardan xoli rep uslubi ularni mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqadi.
Uill 18 yoshidayoq ilk million dollarini ishlab topgan va “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bu mablag‘ga Smit Filadelfiyada katta uy, bir nechta hashamatli mashina va zargarlik buyumlari sotib oladi. U yuzlab dollarlarni bazmlar, qimmatbaho kiyimlar va ziyofatlarga sarflaydi, biroq kutilmaganda duetning mashhurligi pasaya boshlaydi, puli tugaydi, uy va mashinalar qarzlar sabab musodara qilinadi.
Uill pul topishning boshqa yo‘llarini izlaydi va taqdir unga ikkinchi imkoniyat beradi. 1990-yilda u Kuins Jons bilan tanishadi va mashhur “Beverli-Hillzlik yangi shahzoda” serialida rol o‘ynaydi. Filmda Smit deyarli o‘zini gavdalantiradi. G‘arbiy Filadelfiyadan kelgan sho‘x va tinib-tinchimas yigit boy qarindoshlari oldiga Beverli-Hillzga keladi va turli sarguzashtlarni boshdan kechiradi.
Uill Smit san’at sohasida tahsil olmagan bo‘lsa-da, amerikalik tomoshabinlar uning aktyorlik mahoratini tan oladi. Serialdan olgan gonorari hisobiga barcha qarzlarini yopadi va Gollivudda yangi tanishlar orttiradi.
1995-yilda “Uddaburon yigitlar” filmidagi kelishgan va jiddiy politsiyachi Mayk Louri obrazi uning aktyorlik faoliyatidagi ilk jiddiy roli bo‘ladi. “Qora liboslilar”dagi ijrosi Uillning mashhurligini yanada oshiradi. Ushbu fantastik komediyada Smit Gollivudning mashhur aktyori Tommi Li Jons bilan birga rol o‘ynagan. “Qora liboslilar” filmida kuylagan saundtreki musiqa chartlarida yuqori o‘rinlarni egallaydi va MTV telekanali mukofotini qo‘lga kiritadi.
“Men o‘zimni iste’dodli aktyor deb hisoblamayman, atrofimdagi g‘alati va telbanamo insonlar tufayli muvaffaqiyatga erishyapman. Chunki boshqalar uxlaganda men ishlayman, ular ovqatlanishganda ham ishlayman”, deydi Uill Smit intervyularidan birida.
Bu yondashuv o‘z samarasini beradi. Uill ketma-ket to‘qqizta filmning har biridan 100 million dollardan ortiq daromad olgan ilk Gollivud aktyoriga aylandi. “Ali” (2001) filmidagi Muhammad Ali roli va “Baxt izlab” (2006)dagi Kris Gardner obrazi uchun “Oskar” mukofotiga ikki marta nomzod bo‘lgan. 2022-yilda “Qirol Richard” filmidagi Richard Uilms qahramoni uchun “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritadi. “Oltin globus” mukofotiga olti marta nomzod bo‘lgan va 2022-yilda “Qirol Richard” filmi uchun “Drama janridagi eng yaxshi aktyor” mukofotini olgan. Shu roli bilan 2022-yilda BAFTA mukofotiga ham sazovor bo‘lgan.
Uill Smit 1992-yilda aktrisa va dizayner Sheri Zampino bilan turmush quradi va uch yildan so‘ng ajrashadi. Sobiq rafiqasi Smitni o‘g‘li Terrini vasiyligidan mahrum qiladi. Keyinchalik Uill o‘g‘li bilan ko‘rishish huquqini olgan.
Aktyor ajrimdan keyingi ruhiy tushkunligi haqida ko‘p yillik do‘sti, aktrisa Jada Pinkettga so‘zlab beradi. Ular “Beverli-Hillzlik yangi shahzoda” filmining kastingida tanishgan. Vaqt o‘tishi bilan ularning do‘stligi yanada jiddiy tus oladi va 1997-yil 31-dekabrda turmush qurishadi. Ularning ikkita farzandi bor. O‘g‘li Jeyden va qizi Uillo ham musiqa hamda aktyorlik yo‘lini tanlashgan.
Gollivudda Uill va Jadaning nikohi uzoq davom etgan mustahkam oila sifatida qaralgan. Ammo 2023-yilda aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan ko‘pdan beri birga yashamayotganliklarini ma’lum qilgan. Bugungi kunda er-xotinning holati “murakkab” bo‘lsa-da, ular hanuz ko‘p vaqtlarini birga o‘tkazadi.
2022-yilgi “Oskar” marosimida boshlovchi Kris Rok alopetsiya — kallikdan aziyat chekayotgan Jadaning soch turmagi haqida hazil qiladi. Uill bu hazilni sobiq turmush o‘rtog‘iga nisbatan haqorat deb bilib, Krisning yuziga musht tushiradi. Shu voqeadan keyin Smitga bir yil davomida hech qanday taklif bo‘lmagan.
Aktyor 2025-yilda muxlislarini yana bir bor hayratga soldi. U qariyb 20 yillik tanaffusdan so‘ng yangi studiyaviy albomini chiqardi. “Based on a True Story” nomli albom 2025-yil mart oyida taqdim etildi va unda DJ Jazzy Jeff, Jaden Smit, Big Sean hamda boshqa ijodkorlar bilan hamkorlik qilindi.
Bu Smitning 2005-yilda chiqqan “Lost and Found” albomidan keyingi ilk to‘liq metrajli musiqiy albomi bo‘ldi. Undagi ayrim qo‘shiqlarda aktyor so‘nggi yillardagi hayoti, xatolari va boshidan kechirgan o‘zgarishlari haqida so‘zlaydi. Albom Billboard 200 chartida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.
2025-yilda Smit katta sahnadagi chiqishlarini ham davom ettirdi. U KONKAKAF Millatlar ligasi finalida ham chiqish qilib, musiqiy faoliyatini faqat studiya bilan cheklab qo‘ymasligini ko‘rsatdi.

