Uganda Somalidan oʻz qoʻshinlarini olib chiqishni boshladi
Mamlakat 2007 yilda Somalini barqarorlashtirish uchun tashkil etilgan Afrika Ittifoqi missiyasiga birinchi boʻlib oʻz qoʻshinlarini yuborgan edi.

Uganda oʻz qoʻshinlarini Somalidan olib chiqishni boshladi
Uganda oʻz qoʻshinlarini Somaliga ilk bor 2007 yilda yuborgan edi
Uganda ushbu mamlakatdagi qariyb 20 yillik harbiy ishtirokidan soʻng oʻz qoʻshinlarini Somalidan olib chiqishni boshladi.
Uganda armiyasi rahbari general Muxoozi Kaynerugabaning bayonotidan soʻng, juma kuni Uganda Mudofaa xalq kuchlarining (UPDF) 109 nafar harbiy xizmatchidan iborat birinchi guruhi poytaxt Mogadishoni tark etgani xabar qilinmoqda.
Uganda armiyasi matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Kris Magezi Bi-bi-sining sharh berish soʻroviga javob bermadi.
Uganda Somaliga Afrika Ittifoqining Somalidagi missiyasi (Amisom) doirasida qoʻshin joylashtirgan birinchi Afrika davlati boʻlgan edi. Ushbu missiya 2007 yilda mamlakatning oʻtish davri hukumatini islomchi jangarilar hujumlaridan himoya qilishga yordam berish uchun tuzilgan.
Oʻtgan haftada general Muxoozi Uganda oʻz qoʻshinlarini olib chiqishni boshlaganini va xavfsizlikni taʼminlash vazifalarini Somali kuchlariga topshirishini aytdi.
«Biz vaʼda qilganimizdek, UPDF kuchlarini Somalidan olib chiqishni boshladik. 20 yillik koʻplab qon va fidokorliklardan soʻng, biz xavfsizlikni somalilik birodarlarimizga topshirmoqdamiz», — deb yozdi u X tarmogʻida.
Qoʻshinlarni olib chiqish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va 2027 yil avgust oyida yakunlanishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, Uganda Somalidagi butun harbiy ishtirokiga chek qoʻymayapti. Ikki tomonlama alohida xavfsizlik kelishuvi boʻyicha joylashtirilgan qoʻshinlar mamlakatda qoladi.
Taxminlarga koʻra, Afrika Ittifoqi missiyasi doirasida Somalida 4 500 nafar harbiy bor, yana 2 000 ga yaqini esa ikki tomonlama kelishuvlar orqali joylashtirilgan.
Somali yigirma yildan ortiq vaqtdan beri Al-Qoidaga aloqador «Ash-Shabab» jangari guruhiga qarshi uzoq va qonli urush olib bormoqda.
Uganda kuchlari mamlakatga ilk bor 2007 yilda joylashtirilgan va «Ash-Shabab»ni Mogadisho hamda boshqa yirik shaharlardan siqib chiqarishda muhim rol oʻynagan.
Ular strategik hududlarni qaytarib olish va asosiy davlat obʼyektlari xavfsizligini taʼminlash uchun Somali Milliy armiyasi bilan birgalikda jang qildilar.
Uganda qoʻshinlari oʻz harbiy ishtirokini Afrika Ittifoqining keyingi missiyalari, jumladan, xavfsizlik uchun masʼuliyatni bosqichma-bosqich Somaliga topshirish maqsadida boshlangan Afrika Ittifoqining Somalidagi oʻtish missiyasi (Atmis) doirasida davom ettirdi.
Uning oʻrnini 2025 yilda Afrika Ittifoqining Somalidagi qoʻllab-quvvatlash va barqarorlashtirish missiyasi (Aussom) egalladi. Bu missiya Somali xavfsizlik institutlarini mustahkamlash va uning kuchlarini mamlakat xavfsizligi uchun toʻliq masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyorlashga qaratilgan.
AQSh va BMT tomonidan koʻrsatilayotgan yordamni kamaytirish rejalari fonida, Aussom endilikda kelajakdagi moliyalashtirish boʻyicha noaniqlikka duch kelmoqda.
Yanvar oyida 12 oylik oʻtish rejasi boshlanishi kerak, bu Somali va Afrika Ittifoqiga muqobil moliyalashtirish manbalarini izlash uchun vaqt beradi.

