UEFA va FIFA o‘rtasidagi mojaro qachon tugaydi?

UEFA va FIFA o‘rtasidagi kelishmovchilikka qachon nuqta qo‘yiladi?
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFA musobaqalarida ishtirok etmaslik bo‘yicha e’lon qilgan boykotni bekor qilish arafasida turibdi. Bu holatga FIFA rahbariyatining Jahon chempionati ulushlarini sotishga qarshi rasmiy va kafolatlangan va’da bergani sabab bo‘lgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, FIFA prezidenti Janni Infantinoning munozarali tijorat loyihasi qayta takrorlanmasligi haqida bergan kafolatidan so‘ng, Yevropa terma jamoalariga yaqinlashib kelayotgan ayollar o‘rtasidagi U-20 Jahon chempionati hamda kelgusi turnirlarda qatnashish uchun ruxsat beriladi.
Infantinoning FIFA Forward Enterprise deb nomlangan loyihasi oshkor bo‘lgach, ushbu kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. Ushbu reja qaytarib olingan bo‘lsa-da, UEFA uzoq vaqt davomida “o‘yin imidjiga putur yetkazuvchi bunday urinishlar boshqa takrorlanmaydi” degan kafolat berilmagunicha o‘z pozitsiyasidan qaytmadi. Biroq so‘nggi haftalarda o‘tkazilgan yopiq muzokaralardan so‘ng UEFA o‘zi talab qilgan rasmiy kafolatlarga ega bo‘ldi.
Boykotning bekor qilinishi 5-sentyabr kuni Polshada start oladigan U-20 ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Angliya, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya va mezbon Polsha terma jamoalarining muammosiz qatnashishini ta’minlaydi.
Ushbu masalaga 27-avgust kuni Fransiyaning Monako shahrida rasman yakun yasaladi. UEFA Ijroiya qo‘mitasi va 55 ta a’zo federatsiya rahbarlari yig‘ilishida FIFA bilan munosabatlar ham muhokama qilinadi.

