Dunyo

Uch kun 12 soatdan ish, qolgan kunlar dam: Mers moslashuvchan ish tartibini qoʻlladi

Germaniya kansleri Fridrix Mers haftasiga uch kun 12 soatdan ishlab, qolgan kunlari dam olish modelining afzalliklarini taʼkidladi. U ish vaqtining maksimal chegarasini kunlik emas, haftalik hisobda belgilashga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlashni tezlashtirish tarafdori.

Uch kun 12 soatdan ish, qolgan kunlar dam: Mers moslashuvchan ish tartibini qoʻlladi

DW xabariga koʻra, Mers 13-oktabr kuni Berlinda Germaniya ish beruvchilar uyushmalari federal birlashmasi - BDA tashkil etgan «Ish beruvchilar kuni» tadbirida nutq soʻzlagan.

Kanslerning taʼkidlashicha, ish vaqtini moslashuvchan tarzda tashkil etish ham korxonalar, ham xodimlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

«Xalqaro korxonalar bor, ularda ketma-ket 12 soat ishlashadi. Haftasiga uch marta, keyin esa - yetarli», - degan Mers.

Uning fikricha, bunday tartib xodimlarga oilasi bilan koʻproq vaqt oʻtkazish imkonini beradi. Kansler sakkiz soatdan ortiq ishlashni har doim ham ekspluatatsiya deb baholab boʻlmasligini, bu korxona va xodimlarga ish vaqtini qulayroq taqsimlash imkonini berishi mumkinligini aytgan.

Mers hukumat ish vaqtiga moslashuvchan yondashuvni nazarda tutuvchi qonun loyihasini allaqachon tayyorlab qoʻyishi kerakligini taʼkidlagan. Rejaga koʻra, hujjatda ish soatlarining kunlik emas, haftalik maksimal chegarasi belgilanadi. Bu esa turli ish jadvallarini shakllantirishga yoʻl ochishi kutilmoqda.

Kansler, shuningdek, korxonalarga xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzish uchun kengroq imkoniyat berish va yuqori lavozimdagi menejerlarni ishdan boʻshatish tartibini soddalashtirish tarafdori ekanini bildirgan.

Qonun loyihasining yakuniy tahriri bilan Germaniyaning yangi mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri Aleksander Shvayser shugʻullanishi kutilmoqda. Prezident Frank-Valter Shtaynmayer uni 13-oktabr kuni ushbu lavozimga tayinlagan.

Ilgari Reynland-Pfals yeri hukumatiga rahbarlik qilgan Shvayser oldida pensiya islohotini amalga oshirish vazifasi ham turibdi.

Avvalgi vazir Berbel Bas ogʻir shaxsiy holatlar sababli hukumat va partiyadagi vazifalarini toʻliq bajara olmayotganini bildirib, 12-oktabrdan mehnat vaziri hamda Sotsial-demokratik partiya hamraisi lavozimlarini tark etishini eʼlon qilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.