Uch farzandli o‘zbekistonlik oila Vladivostokdan vatanga qaytarildi
Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik er-xotin va ularning uch nafar voyaga yetmagan farzandi diplomatlar ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi. Oilaning vatanga qaytishi uchun aviachiptalar Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilindi.

Vladivostokdan uch farzandli o‘zbek oilasi vataniga qaytarildi.
"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatgan.
Jumladan, Vladivostokda moddiy qiyinchiliklarga duch kelgan A.L., uning turmush o‘rtog‘i K.B. va ularning uch nafar voyaga yetmagan farzandini O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rildi.
Oila uchun aviachiptalar O‘zbekiston Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sotib olindi.
Natijada, besh kishilik oila 25-iyul kuni Vladivostok–Yekaterinburg–Toshkent yo‘nalishidagi reys orqali O‘zbekistonga qaytarildi.
Bosh konsulxona vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik-huquqiy xizmatlar ko‘rsatish hamda migratsiya jarayonida yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

