Dunyo

Uber yarim yoʻlda tushirib ketilgan yoʻlovchining oʻlimi uchun 40 mln dollar tovon toʻlaydigan boʻldi

Uber yarim yoʻlda tushirib ketilgan yoʻlovchining oʻlimi uchun 40 mln dollar tovon toʻlaydi

Sud AQSHdagi Uber taksi xizmatiga Kaliforniyadagi avtomagistralda halok boʻlgan 23 yoshli qizning oilasiga 40 million dollar tovon puli toʻlash majburiyatini yukladi.

Sud hujjatlariga koʻra, 2023-yil 12-avgust kuni Emili Normandin-Parker ismli qiz dugonasi bilan uyga qaytish uchun Uber chaqirgan. Yoʻlda uning dugonasi oʻzini yomon his qilib, mashina ichida qayt qilgan. Buni koʻrgan haydovchi avtomagistral chetida toʻxtab, mast qizlarni mashinadan tushishga majbur qilgan. Shundan keyin Normandin-Parkerni boshqa avtomobil urib ketgan va u vafot etgan.

“Emili Uber yoʻlovchilarga tavsiya qiladigan barcha qoidalarga bo‘ysungandi — u mast holda mashina haydamaslik uchun masʼuliyatli qaror qilgan, biz esa Uber uni uyga xavfsiz yetkazishiga ishongandik”, dedi qizning ota-onasi. — Bu ishonch qimmatga tushdi”.

Oila manfaatlarini himoya qilgan yuridik firma vakilining aytishicha, besh kunlik arbitraj jarayonidan soʻng sudya Uber kompaniyasiga Normandin-Parkerning ota-onasiga 40 million dollar toʻlash majburiyatini yuklagan.

Oilaning advokatlari aytishicha, haydovchi Vu Tran ikki qizni avtomagistralda qoldirgach, ularga yordam ham chaqirmagan. Aksincha, chetga toʻxtab, Uber bilan bogʻlangan va Normandin-Parkerdan avtomobil salonini tozalash uchun haq undirishni talab qilgan.

Uber vakili ABC telekanaliga bergan bayonotida marhumaning oilasiga hamdardlik bildirdi, biroq kompaniya sudya qarorini xato deb hisoblashini maʼlum qildi. Kompaniya haydovchi va yoʻlovchini bogʻlab beruvchi “oddiy texnologik platforma” ekanini daʼvo qilgan boʻlsa-da, sud bu eʼtirozni qabul qilmadi.

Emilining ota-onasi aytishicha, sud qaroridan keyin Uber kompaniya obroʻsi toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun chora koʻrishga uringan va marhumaning uyiga kelishuv xati yuborgan, unda kompaniya obroʻsiga putur yetkazadigan gaplar aytmaslik talabi va “har qanday yomon fikr” uchun 10 million dollar jarima belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.