“U darhol oʻlmadi”. Qazzofiy umrining soʻnggi onlari qanday oʻtgandi?
Bundan 15 yil avval Sirt shahrida polkovnik Muammar Qazzofiy davriga nuqta qoʻyilgandi. Liviyada hukmronligi chegara bilmagan bu inson umrining soʻnggi daqiqalarida gʻazabga toʻlgan xalqdan qochib, suv quvuri ichida yashirinishga majbur boʻlgandi.

“U darhol oʻlmadi”. Qazzofiy umrining soʻnggi onlari qanday oʻtgandi?
2011-yil 15-fevralda Liviya poytaxti Tripolida Qazzofiy rejimiga qarshi boshlangan namoyishlar fuqarolar urushiga aylanib ketdi. Qazzofiy isyonchilar egallab olgan shaharlarni bombardimon qilishga buyruq berdi. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga muvofiq, Gʻarb koalitsiyasi kuchlari polkovnik rejimiga qarshi harbiy operatsiya boshlashga qaror qildi.
2011-yil 22-avgustda qoʻzgʻolonchilar NATO koʻmagida Tripolini egalladi. Qazzofiy poytaxtdan qochishga majbur boʻldi.
«Shahidlarimiz uni [Qazzofiyni] qoʻlga olishib…, kasalxonaga olib ketishayotgandi. U oyogʻidan yaralangandi va uni Sirtdan Misurataga olib ketishayotgandi. Oʻsha hududda jadal otishmalar sodir boʻlayotgandi. Natijada uning boshiga oʻq tegdi va u halok boʻldi… Bu qasddan qilinmagandi», - deb taʼkidlagan Liviya Milliy oʻtish kengashi aʼzosi Muhammad Sayeh Qazzofiy oʻlimining ertasiga.
Sirt — Liviya shimolidagi Qazzofiy tugʻilgan shahar. 2011-yil oktabrida u oxirgi tarafdorlari bilan birga qoʻzgʻolonchilardan qochib, shu yerga kelgandi. Bir vaqtlar oʻz mamlakatida cheksiz hokimiyatga ega boʻlgan inson yonida unga eng sadoqatli kishilargina qolgandi.
«Biz hammasi tugaganini tushunardik. Qazzofiy “Meni Xalqaro jinoiy sud qidirmoqda. Meni hech qaysi mamlakat qabul qilmaydi. Liviyaliklar qoʻlidan oʻlganim yaxshi”, dedi», - deb eslagan oxirgi daqiqalargacha Qazzofiyning yonida boʻlgan shaxsiy qoʻriqchilar rahbari Mansur Dau.
«[Qazzofiy] bizga kim qoʻrqayotgan boʻlsa ketishi mumkinligini, ammo oʻziga nisbatan Xalqaro jinoiy sud orderi borligini aytdi. U qoʻshni mamlakatlarga qochib borib, ularni noqulay ahvolga solishni istamasligini bildirdi», - deb aniqlik kiritgan Qazzofiy xavfsizlik xizmatining yana bir xodimi Mansur Iddhou.
NATO aviatsiyasi qoʻzgʻolonchilar koʻmagida Sirtni yer yuzidan deyarli supurib tashlagandi. Shaharda butun binolar qolmagandi. Qazzofiy boshpanasini toʻxtovsiz oʻzgartirib turar, yeyishga nima topsa, oʻsha bilan kun kechirardi.

