Tutanxamon qabri ortida Nefertiti maqbarasi bormi?
Tutanxamon maqbarasi yaqinida oʻtkazilgan geofizik oʻlchovlar jinslar zichligi past boʻlgan hududlarni koʻrsatdi. Ular koʻmilgan yoʻlak va nomaʼlum xonalar boʻlishi mumkin, ammo bunday boʻshliqlar mavjudligi hamda ularning Nefertitiga aloqasi hozircha isbotlanmagan.

**Tutanxamon qabri ortida Nefertiti maqbarasi yashiringanmi?**
Ayn-Shams universiteti arxeologi Mamduh al-Damati rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi Podshohlar vodiysidagi Tutanxamonning KV62 maqbarasi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalarini taqdim etdi.
17-sentabr kuni Amarna Royal Tombs Project turkumida e’lon qilingan hisobot 2023–2024-yillardagi dala o‘lchovlari hamda avvalgi tadqiqotlarning qayta tahlilini birlashtiradi.
Mualliflar bu yerda maqbaraning yaqinda ochilgani haqida emas, balki yig‘ilgan geofizik ma’lumotlarning yangi talqini haqida gap ketayotganini alohida ta’kidlagan.
Tadqiqotlar misrshunos Nikolas Rivz 2015-yilda ilgari surgan farazga tayangan. Uning fikricha, Tutanxamonning nisbatan kichik maqbarasi kattaroq podshohlik dafn majmuasining tashqi qismida qurilgan bo‘lishi mumkin, ichki xonalar esa devorlar bilan ajratilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Rivz katta maqbaraning dastlabki egasi Nefertiti bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Ammo avvalgi geofizik tekshiruvlar bir-biriga zid natijalar bergan.
Yangi tadqiqotda georadar va mikrogravimetriya qo‘llanildi. Mikrogravimetriya tortishish kuchidagi juda kichik o‘zgarishlarni o‘lchab, yer ostidagi jinslar zichligini aniqlash imkonini beradi.
Mualliflar ayrim signallarni ko‘milgan yo‘lak va ehtimoliy yashirin xonalar belgisi sifatida talqin qilgan. Shu bilan birga, georadar dafn xonasi devorlaridan taxminan ikki metrgacha bo‘lgan masofada aniq bo‘shliqlarni ko‘rsatmagan.
Tadqiqotchilar taqdim etgan uch o‘lchamli sxema topilgan xonalarning tayyor xaritasi emas, balki turli darajadagi ishonchga asoslangan modeldir.
Sxemada sariq rang bilan mavjudligi nisbatan ishonchli deb baholangan ikkita ehtimoliy xona, binafsha rangda esa ishonch darajasi pastroq bo‘lgan qismlar ko‘rsatilgan. Ularni bog‘lovchi yo‘laklar mavjudligi ham hozircha faraz bo‘lib qolmoqda.
Ehtimoliy yashirin bo‘shliqlarning o‘lchami va hajmi ularning qanday material bilan to‘ldirilganiga oid taxminlarga bog‘liq.
Nature nashri suhbatlashgan mustaqil mutaxassislar natijalarni qiziqish bilan qabul qilgan, biroq yakuniy xulosa chiqarish uchun hali erta ekanini aytgan.
Tadqiqotchilar farazni kichik teshik burg‘ilab, unga kamera kiritish orqali tekshirishni taklif qilmoqda. Buning uchun Misr rasmiylarining ruxsati kerak bo‘ladi.

